18 Iyul 2022

Jamshid Xodjaev Investisiyalar va tashqi savdo vazirligiga rahbar etib tayinlandi

Joriy yilning 16-iyulida nomzodi Oliy Majlis Qonunchilik palatasi deputatlari tomonidan ma’qullanganidan so‘ng, O‘zbekiston Respublikasi Prezidentining Farmoni bilan Jamshid Abduxakimovich Xodjaev Investisiyalar va tashqi iqtisodiy aloqalar masalalari bo‘yicha Bosh vazir o‘rinbosari – investisiyalar va tashqi savdo vaziri lavozimiga tayinlandi.

Tayinlovdan oldin Jamshid Xodjaev Qishloq xo‘jaligi vazirligiga rahbarlik qilib kelgan. Ushbu lavozimdan oldin u 2017-yildan 2019-yilgacha tashqi savdo vaziri bo‘lib ishlab kelgan. Undan avval esa O‘zbekiston Tashqi iqtisodiy faoliyat Milliy banki raisining birinchi o‘rinbosari lavozimida faoliyat yuritib, g‘aznachilik, tashqi iqtisodiy faoliyat, axborot texnologiyalari, loyihaviy moliyalashtirish va boshqa departamentlar ishini muvofiqlashtirgan.

Shuningdek, u Hisob palatasi raisining birinchi o‘rinbosari – Davlat byudjetiga tushumlarning to‘liqligini nazorat qilish inspeksiyasi boshlig‘i lavozimida faoliyat yuritgan, O‘zbekiston Respublikasi Tiklanish va taraqqiyot jamg‘armasini tashkil qilish, uning faoliyatini tartibga solishning to‘laqonli me’yoriy-huquqiy bazasini ishlab chiqish, shuningdek Jamg‘arma resurs bazasini yanada mustahkamlash bo‘yicha takliflarni ishlab chiqishda bevosita ishtirok etgan.

2021-yil 10-sentyabrdan boshlab Jamshid Xodjaev Toshkent Davlat agrar universiteti rektori vazifasini bajaruvchisi lavozimiga ham tayinlandi.