02 oktabr 2026

Investitsiyalar, sanoat va savdo vaziri Ummon davlat tuzilmalari va kompaniyalari rahbarlari bilan uchrashuvlar o‘tkazdi

30-sentabr – 2-oktabr kunlari O‘zbekiston Respublikasi investitsiyalar, sanoat va savdo vaziri Laziz Kudratov Maskat shahriga amaliy tashrif bilan borib, Ummon davlat tuzilmalari va kompaniyalari rahbarlari bilan uchrashuvlar o‘tkazdi, deb xabar qilmoqda vazirlik matbuot xizmati.

Iqtisodiyot vaziri Xamis bin Saif Al-Jabriy, shuningdek, savdo, sanoat va investitsiyalarni rag‘batlantirish vaziri Anvar bin Hilol Al-Jabriy bilan muzokaralarda savdo va investitsiyalar, sanoat kooperatsiyasi, transport-logistika yo‘laklari hamda ikki tomonlama kun tartibining boshqa masalalari muhokama qilindi.

Ummon ishbilarmon doiralari bilan muloqot logistika, energetika, neft-gaz kimyosi, elektrotexnika, tog‘-kon sanoati, bank sektori va turizm sohalarini qamrab oldi. Yangi ishlab chiqarish va logistika quvvatlari, eksport yo‘nalishlari, energiya saqlash tizimlari, ma’lumotlar markazlari, xomashyoni qayta ishlash va to‘g‘ridan-to‘g‘ri yetkazib berish masalalari ko‘rib chiqildi.

Preferensial savdo va investitsiyalarni himoya qilish to‘g‘risidagi bitimlarni tayyorlash, transport yo‘laklari va qo‘shma loyihalar bo‘yicha kelishuvlarga erishildi. Biznes-forum, O‘zbekiston salohiyati ko‘rgazmasi hamda yirik biznes vakillari bilan uchrashuvlar o‘tkazish masalalari ishlab chiqilmoqda.