Rossiyadagi O‘zbekiston elchisi Botirjon Asadov boshchiligidagi O‘zbekiston delegatsiyasi Sverdlovsk va Tyumen viloyatlariga tashrif buyurdi, deb xabar bermoqda “Dunyo” AA muxbiri.
Ishchi tashrif doirasida ta’lim, savdo-iqtisodiy aloqalar, mehnat migratsiyasi, kadrlar tayyorlash, turizm va gumanitar hamkorlik sohalaridagi aloqalarni rivojlantirishga qaratilgan qator uchrashuv va muzokaralar o‘tkazildi.
Sverdlovsk viloyatida Ural davlat temir yo‘l transporti universiteti rahbariyati bilan muzokaralar bo‘lib o‘tdi. Tomonlar transport ta’limi sohasida O‘zbekiston oliy ta’lim muassasalari bilan hamkorlikni mustahkamlash, shuningdek, qo‘shma diplom dasturlarini joriy etish masalalarini muhokama qildilar. Kelgusida qo‘shma tadbirlarni amalga oshirish bo‘yicha dastlabki kelishuvlarga erishildi.
Tashrif doirasida Yekaterinburg shahrida O‘zbekiston mustaqilligining 35 yilligiga bag‘ishlangan tantanali qabul marosimi bo‘lib o‘tdi. Unda Sverdlovsk viloyati va Yekaterinburg shahri rahbariyati vakillari, diplomatik korpus, savdo-sanoat palatalari, oliy ta’lim muassasalari, ishbilarmon doiralar hamda vatandoshlar ishtirok etdi.
Ural federal okrugida istiqomat qilayotgan o‘zbekistonliklar bilan uchrashuvda ta’lim olishga alohida e’tibor qaratish, xorijda bo‘lish va mehnat faoliyati davrida mahalliy qonunchilik talablariga rioya qilish, shuningdek, egallangan bilim va ko‘nikmalarni kelgusida O‘zbekistonni rivojlantirishga yo‘naltirish bo‘yicha tavsiyalar berildi.
Sverdlovsk viloyatida “Everton” kompaniyasi rahbariyati bilan uchrashuv bo‘lib o‘tdi. Unda O‘zbekistondan yeryong‘oq eksportini yo‘lga qo‘yish, ikki tomonlama hamkorlikni kengaytirish, shuningdek, vatandoshlarni mehnat faoliyatiga tashkiliy asosda jalb etish masalalari muhokama qilindi. Bundan tashqari, kompaniyada faoliyat yuritayotgan 100 nafardan ortiq O‘zbekiston fuqarolari uchun sayyor qabullar tashkil etildi.
Tyumen viloyatida Rossiyaning yirik neft-kimyo korxonalaridan biri — “ZapSibNeftekhim” AJ rahbariyati bilan savdo-iqtisodiy hamkorlik istiqbollari muhokama qilinib, qo‘shma tadbirlar o‘tkazish bo‘yicha dastlabki kelishuvlarga erishildi. Tashrif davomida korxonada faoliyat yuritayotgan 400 nafardan ortiq vatandoshlar bilan ham uchrashuvlar o‘tkazilib, ularning murojaatlari va muammoli masalalari ko‘rib chiqildi.
Tyumen Savdo-sanoat palatasi va mahalliy kompaniyalar bilan muzokaralarda O‘zbekiston fuqarolarini ishga joylashtirish, malakali kadrlar tayyorlash, shuningdek, ta’lim muassasalari va korxonalar o‘rtasida hamkorlikni yo‘lga qo‘yish masalalariga alohida e’tibor qaratildi. Xususan, Tyumen shahrida qurilish sohasi uchun 600 nafar mutaxassisga hamda neftni qayta ishlash sanoati korxonalari uchun 1,5 ming nafardan ortiq ishchiga ehtiyoj mavjudligi qayd etildi.
Bundan tashqari, Tyumen viloyatining yirik ishlab chiqarish korxonalari bilan hamkorlikda O‘zbekistondagi professional ta’lim muassasalari negizida maqsadli kadrlar tayyorlash tizimini yaratish bo‘yicha kelishuvlarga erishildi. Qo‘qon, Qarshi va Buxoro shaharlarida joylashgan neft-gaz yo‘nalishidagi professional ta’lim muassasalari bilan hamkorlikni rivojlantirishga alohida qiziqish bildirildi.
Tashrifning muhim natijalaridan biri Tyumen viloyati gubernatori Aleksandr Moor bilan uchrashuv bo‘ldi. Uchrashuvda 2026-yilda O‘zbekiston hududlari va Tyumen viloyati o‘rtasidagi savdo-iqtisodiy hamkorlik bo‘yicha qo‘shma tadbirlar hajmi uch barobarga oshgani qayd etildi. Tomonlar savdo, eksport va import, turizm, investitsiyalar hamda mehnat faoliyati sohalaridagi hamkorlikni yanada kengaytirishdan manfaatdor ekanliklarini bildirdilar.