MAMLAKATIMIZDA RAQAMLASHTIRISH SOHASIDAGI XIZMATLAR EKSPORTINI RIVOJLANTIRISHGA DOIR QO‘SHIMCHA CHORA-TADBIRLAR TO‘G‘RISIDA O‘ZBEKISTON RESPUBLIKASI PREZIDENTINING QARORI DD 2024-yil 26-FEVRAL, PQ-87-son

O‘ZBEKISTON RESPUBLIKASI PREZIDENTINING

QARORI

2024-yil 26-FEVRAL,

PQ-87-son

.

MAMLAKATIMIZDA RAQAMLASHTIRISH SOHASIDAGI XIZMATLAR EKSPORTINI RIVOJLANTIRISHGA DOIR QO‘SHIMCHA CHORA-TADBIRLAR TO‘G‘RISIDA

Raqamli texnologiyalar sohasida faoliyat yurituvchi korxonalarning jahon bozorlariga chiqish imkoniyatlarini yanada kengaytirish, raqamli texnologiyalarni qo‘llagan holda xizmatlar eksporti bilan shug‘ullanuvchi xorijiy kompaniyalarni mamlakatimizga keng jalb etish, sohada eksport hajmini oshirishga qaratilgan qo‘shimcha qo‘llab-quvvatlash mexanizmlarini joriy etish, shuningdek, “O‘zbekiston — 2030” strategiyasida belgilangan vazifalar ijrosini ta’minlash maqsadida:

1. Raqamli texnologiyalar vazirligi hamda Investitsiyalar, sanoat va savdo vazirligining:

a) Dasturiy mahsulotlar va axborot texnologiyalari texnologik parki (keyingi o‘rinlarda — IT-park) tomonidan:

Qoraqalpog‘iston Respublikasi va viloyatlarda IT-sanoatni rivojlantirish, aholini yuqori daromadli ish o‘rinlari va zamonaviy kasblar bilan ta’minlash, shuningdek, hududlarga IT-xizmatlar eksport qiluvchi korxonalarni keng jalb qilishga qaratilgan dasturni (Zero Risk) (keyingi o‘rinlarda — Dastur) joriy etish;

mahalliy bozor uchun IT-xizmatlar ko‘rsatish sohasida faoliyat yurituvchi korxonalarni xalqaro IT-bozorga olib chiqish, ularning eksport faoliyatini qo‘llab-quvvatlash bo‘yicha loyihani (Local to Global) (keyingi o‘rinlarda — Loyiha) amalga oshirish;

b) umumiy xizmatlar hajmida xizmatlar eksporti ulushi mahalliy bozor uchun ko‘rsatilgan xizmatlar hajmiga nisbatan yuqori bo‘lgan ikki yoki undan ortiq xorijiy davlatda faoliyat yurituvchi tashkilotlarga O‘zbekiston Respublikasida yuridik shaxs sifatida faoliyatini yo‘lga qo‘ygan hollarda, qonunchilikda belgilangan tartibda IT-park rezidenti maqomini berish to‘g‘risidagi takliflariga rozilik berilsin.

2. Belgilab qo‘yilsinki, Dasturda ishtirok etuvchi korxonalarga:

a) IT-parkning tavsiyanomasiga asosan bo‘sh turgan davlat ko‘chmas mulk obyektlari, Raqamli texnologiyalar vazirligi tizimidagi tashkilotlar hamda IT-park filiallarining davlat mulki bo‘lgan bo‘sh binolari va maydonlari (xonalari) bir yilgacha muddatga tekin foydalanish huquqi asosida beriladi.

Bunda:

Qoraqalpog‘iston Respublikasi Vazirlar Kengashi va viloyatlar hokimliklari Davlat aktivlarini boshqarish agentligi bilan birgalikda bo‘sh turgan davlat ko‘chmas mulk obyektlarining har chorakda yangilab boriladigan ro‘yxatini IT-park direksiyasiga taqdim etadi;

IT-park direksiyasi tomonidan zaruratga ko‘ra Dasturda ishtirok etuvchi korxonalar ro‘yxati va ularni bo‘sh turgan davlat ko‘chmas mulk obyektlariga bir yilgacha muddatga tekin foydalanish huquqi asosida tegishli maydonlardan samarali foydalanishni inobatga olgan holda joylashtirishni nazarda tutuvchi tavsiyanoma Davlat aktivlarini boshqarish agentligiga yuboriladi;

bir yil muddat tugagandan so‘ng Dasturda ishtirok etuvchi korxonalar bilan ularga tekin foydalanish huquqi asosida berilgan bino va maydonlar (xonalar) yuzasidan “E-auksion” elektron savdo platformasida bir metr kvadrat maydon uchun tegishli hudud bo‘yicha shakllangan o‘rtacha ijara haqi miqdorida to‘g‘ridan-to‘g‘ri shartnoma tuziladi;

b) IT-park tomonidan xarid qilingan yangi kompyuter, boshqa texnika va jihozlar bir yilgacha muddatga tekin foydalanish huquqi asosida, keyinchalik ular 3 oylik davrda foizsiz bo‘lib to‘lash (xarid qilish) sharti bilan taqdim etiladi;

v) ish haqi xarajatlari mehnat faoliyatini amalga oshiruvchi xodimlari soniga mutanosib ravishda bir yil muddatda 15 foizgacha miqdorda qoplab beriladi;

g) inson resurslarini rivojlantirish yo‘nalishida bir kalendar yil davomida bitta korxonaning quyidagi xarajatlari qoplab beriladi:

ishlab chiqarish hamda boshqaruv xodimlarini qayta tayyorlash va malakasini oshirish (shu jumladan, xorijiy mutaxassislarni jalb qilish orqali) bilan bog‘liq xarajatlarning 50 foizgacha, lekin bazaviy hisoblash miqdorining 200 barobaridan ko‘p bo‘lmagan qismi;

ishga qabul qilish uchun malakali mutaxassislarni aniqlash bo‘yicha xizmatlar xarajatlarining (mutaxassislar soniga mos ravishda) 50 foizgacha, biroq bazaviy hisoblash miqdorining 20 barobaridan ko‘p bo‘lmagan qismi.

3. Belgilansinki, Dasturda quyidagi talablardan biriga mos keluvchi IT-park rezidenti maqomiga ega bo‘lgan tashkilotlar ishtirok etadi:

umumiy xizmatlar hajmida xizmatlar eksporti ulushi mahalliy bozor uchun ko‘rsatilgan xizmatlar hajmiga nisbatan yuqori bo‘lgan tashkilotlar;

amalda 500 ming AQSh dollari va undan yuqori bo‘lgan ekvivalentdagi eksport shartnomasiga ega bo‘lgan tashkilotlar;

yillik aylanmasi miqdori 1 million AQSh dollari ekvivalenti va undan yuqori bo‘lgan xorijiy kompaniya ta’sischiligida tashkil etilgan yangi tashkilotlar.

4. Shunday tartib o‘rnatilsinki, unga muvofiq Loyiha doirasida IT-park rezidenti bo‘lgan tashkilotlarga:

a) eksport rejasini ishlab chiqish, istiqbolli xorijiy bozorlarni aniqlash va ularga chiqish talablarini o‘rgatish, mijozlarni topish, ular bilan muzokaralar olib borish, eksport hujjatlarini rasmiylashtirish, xizmatlar realizatsiyasidan keyingi bosqichdagi qo‘llab-quvvatlash jarayonlarini tashkil etish yo‘nalishlarida IT-park tomonidan bepul maslahat (eksport mentoring) xizmatlari ko‘rsatiladi;

b) jahon bozoriga chiqish yo‘nalishidagi xarajatlarning 50 foizgacha qismi quyidagi chegaralangan miqdorlarda qoplab beriladi:

xorijiy ekspert maslahat xizmatlari uchun 10 ming AQSh dollari ekvivalentigacha;

xalqaro ko‘rgazma va konferensiyalarda ishtirok etish uchun 5 ming AQSh dollari ekvivalentigacha;

xorijiy hamkorlar bilan biznes muzokaralar o‘tkazish maqsadida ularning mamlakatimizga tashrifini tashkil etish uchun amalda eksport qilgan xizmatlari hajmiga mos ravishda 1-ilovaga muvofiq 20 ming AQSh dollari ekvivalentigacha;

xorijiy mamlakatlarga xizmat safari (transport va mehmonxona xarajatlari) uchun 5 ming AQSh dollari ekvivalentigacha;

v) umumiy xodimlari sonining ko‘pi bilan 50 foizi, lekin bir nafar xodim uchun bir kalendar yilda bir marotaba ro‘yxati Raqamli texnologiyalar vazirligi tomonidan tasdiqlanadigan nufuzli xalqaro platformalar va ta’lim yo‘nalishlarida o‘qish xarajatlarining yarmi qoplab beriladi;

g) xodimlar malakasini oshirish maqsadida “Bir million dasturchi” loyihasi doirasidagi nufuzli xalqaro ta’lim platformalarining eksport yo‘nalishida talab yuqori bo‘lgan onlayn o‘quv kurslarida bepul o‘qish imkoniyati ta’minlanadi.

5. Belgilab qo‘yilsinki, Loyiha doirasida IT-sohasida faoliyat ko‘rsatuvchi korxonalarni jahon bozoriga olib chiqishga qaratilgan har bir yo‘nalish bo‘yicha xarajatlar bir kalendar yilda faqat bir marotaba qoplab beriladi.

6. Raqamli texnologiyalar vazirligi, Qoraqalpog‘iston Respublikasi Vazirlar Kengashi, viloyatlar va Toshkent shahri hokimliklarining 2024-yil uchun raqamlashtirish sohasidagi xizmatlar eksporti bo‘yicha maqsadli ko‘rsatkichlarni 2-ilovaga muvofiq belgilash to‘g‘risidagi taklifi ma’qullansin.

Raqamli texnologiyalar vaziri Sh.X. Shermatov raqamlashtirish sohasidagi xizmatlar eksporti bo‘yicha maqsadli ko‘rsatkichlarga erishish uchun shaxsan mas’ul va javobgar etib belgilansin hamda har oy yakuni bo‘yicha bu borada ko‘rilayotgan chora-tadbirlar natijadorligi yuzasidan O‘zbekiston Respublikasi Prezidenti Administratsiyasi hamda Vazirlar Mahkamasiga hisobot kiritib borsin.

O‘zbekiston Respublikasi Bosh vaziri A.N. Aripov maqsadli ko‘rsatkichlarga erishishni ta’minlashga qaratilgan tadbirlarning o‘z vaqtida va puxta ishlab chiqilishi hamda to‘liq hajmda amalga oshirilishi bo‘yicha vazirlik va idoralar faoliyatini muvofiqlashtirsin va har oyda muhokama qilib borsin.

7. Qoraqalpog‘iston Respublikasi Vazirlar Kengashi va viloyatlar hokimliklari Davlat aktivlarini boshqarish agentligi bilan birgalikda bir oy muddatda IT-park direksiyasi tomonidan belgilanadigan talablarga mos bo‘lgan bo‘sh turgan davlat ko‘chmas mulk obyektlarini aniqlab, xatlovdan o‘tkazsin va xatlov natijalariga ko‘ra shakllantirilgan ro‘yxatni IT-park direksiyasiga taqdim etsin.

Bunda, bo‘sh turgan davlat ko‘chmas mulk obyektlari ro‘yxati har chorakda yangilab borilishi ta’minlansin.

8. Belgilansinki:

2024-yilda Dastur va Loyiha doirasida ko‘zda tutilgan chora-tadbirlarni moliyalashtirish uchun IT-park mablag‘lari hisobidan 65 milliard so‘mgacha hamda Raqamli texnologiyalarni rivojlantirish jamg‘armasi hisobidan 35 milliard so‘mgacha mablag‘lar ajratiladi;

2025-yildan boshlab Dastur va Loyiha doirasida ko‘zda tutilgan chora-tadbirlar IT-park mablag‘lari hisobidan, yetmagan qismi esa Raqamli texnologiyalarni rivojlantirish jamg‘armasi mablag‘lari hisobidan moliyalashtiriladi;

Dastur va Loyiha doirasidagi arizalarni ko‘rib chiqish va korxonalarning belgilangan mezonlarga muvofiqligini aniqlash, shuningdek, qo‘llab-quvvatlash choralari doirasini belgilash hamda tatbiq etish jarayonlari IT-parkning maxsus axborot tizimi orqali bepul amalga oshiriladi.

9. Raqamli texnologiyalar vazirligi hamda Investitsiyalar, sanoat va savdo vazirligining O‘zbekistonning IT-sohadagi salohiyatini jahon bozorida targ‘ib qilish, mamlakatimizga xorijiy kompaniyalarni hamda mahalliy dasturiy mahsulotlar ishlab chiqaruvchi va IT-xizmatlar ko‘rsatuvchi korxonalarga buyurtmalarni keng jalb qilish maqsadida:

a) 2024-yilda Germaniya va Saudiya Arabistonida asosiy faoliyati mahalliy korxonalar uchun IT-xizmatlar bo‘yicha buyurtmalarni jalb qilishga qaratilgan IT-park vakolatxonasi (filiali) faoliyatini yo‘lga qo‘yish.

Bunda, IT-park direksiyasiga mazkur xorijiy mamlakatlarda vakolatxonalar (filiallar) faoliyatini yo‘lga qo‘yish uchun 2027-yil 1-yanvarga qadar har bir vakolatxona (filial)ga yiliga 200 ming AQSh dollari ekvivalentigacha moliyalashtirish uchun mablag‘ yo‘naltirishga ruxsat berish;

b) xorijiy mamlakatlarda muntazam ravishda, shu jumladan 2024-yilda AQSh va Germaniyada “O‘zbekiston IT-kunlari” xalqaro tadbirlarini o‘tkazish;

v) IT-park direksiyasiga quyidagi har bir yo‘nalish bo‘yicha 200 ming AQSh dollari ekvivalentigacha miqdorda:

Raqamli texnologiyalar vazirligi, Axborot va ommaviy kommunikatsiyalar agentligi hamda Raqobatni rivojlantirish va iste’molchilar huquqlarini himoya qilish qo‘mitasi tomonidan tasdiqlanadigan ro‘yxatga muvofiq chet el kompaniyalari (shu jumladan, ijtimoiy tarmoqlar) bilan O‘zbekiston Respublikasi IT-salohiyatini xorijiy davlatlarda targ‘ib qilishga yo‘naltirilgan prodyuserlik va reklama xizmatlari, xorijiy teleradiokompaniyalar hamda boshqa ommaviy axborot vositalarining reklamalari, reportajlari va boshqa roliklarini tayyorlash va translatsiya qilish bo‘yicha xizmatlari yuzasidan;

Raqamli texnologiyalar vazirligi hamda Raqobatni rivojlantirish va iste’molchilar huquqlarini himoya qilish qo‘mitasi tomonidan tasdiqlanadigan ro‘yxatga muvofiq xorijiy kompaniyalar bilan chet elda tadbirlar (ko‘rgazmalar, anjumanlar, davra suhbatlari va seminarlar) tashkil qilish va ularda ishtirok etish bo‘yicha, shuningdek, xorijiy konsalting kompaniyalari va chet ellik maslahatchilar bilan mamlakatimizda IT-sanoatni rivojlantirish hamda jahonda targ‘ib qilish bo‘yicha to‘g‘ridan-to‘g‘ri shartnoma tuzishga ruxsat berish to‘g‘risidagi takliflari ma’qullansin.

10. Belgilansinki, Germaniya va Saudiya Arabistonida IT-park vakolatxonasi (filiali) faoliyatini yo‘lga qo‘yish uchun zarur mablag‘lar Raqamli texnologiyalar vazirligi bilan kelishilgan va IT-park tomonidan tasdiqlangan smetalar asosida yo‘naltiriladi.

Bunda, IT-park direksiyasi yil yakuni bo‘yicha sarflangan xarajatlar yuzasidan Raqamli texnologiyalar vazirligiga batafsil hisobot kiritib boradi.

11. Raqamli texnologiyalar vazirligi bir oy muddatda:

Dastur va Loyiha ishtirokchilarini qo‘llab-quvvatlash mexanizmlarini nazarda tutuvchi nizom loyihasi ishlab chiqilishi va tasdiqlanishini ta’minlasin;

Axborot va ommaviy kommunikatsiyalar agentligi hamda Raqobatni rivojlantirish va iste’molchilar huquqlarini himoya qilish qo‘mitasi bilan birgalikda mazkur qarorning 9-bandi “v” kichik bandida ko‘zda tutilgan tashkilotlar va maslahatchilar ro‘yxatini tasdiqlasin hamda zaruratga ko‘ra yangilab borsin;

Loyiha doirasida xarajatlari qoplanadigan ekspert maslahat xizmatlarini ko‘rsatadigan xorijiy kompaniyalar hamda xalqaro ko‘rgazma va konferensiyalar ro‘yxatlarini e’lon qilsin va yangilab borsin.

12. Tashqi ishlar vazirligi Investitsiyalar, sanoat va savdo vazirligi bilan birgalikda:

IT-parkka Germaniya va Saudiya Arabistonida uning vakolatxonasi (filiali)ni tashkil etish bo‘yicha zarur hujjatlarni rasmiylashtirish bo‘yicha har tomonlama ko‘maklashsin;

ushbu mamlakatlarda IT-park vakolatxonalari (filiallari) tashkil etilgandan so‘ng ularning faoliyati ommaviy axborot vositalari hamda Internet tarmog‘ida keng yoritilishini ta’minlasin.

13. Raqamli texnologiyalar vazirligi:

bir oy muddatda umumiy xizmatlar hajmida xizmatlar eksporti ulushi mahalliy bozor uchun ko‘rsatiladigan xizmatlar hajmiga nisbatan yuqori bo‘lgan ikki yoki undan ortiq xorijiy davlatda faoliyat yurituvchi tashkilot tomonidan xizmatlar ko‘rsatish faoliyatini IT-park rezidentlari tomonidan amalga oshirish ruxsat etilgan faoliyat turlari ro‘yxatiga kiritish yuzasidan Hukumat qarori loyihasini Vazirlar Mahkamasiga kiritsin;

Qoraqalpog‘iston Respublikasi Vazirlar Kengashi, viloyatlar hokimliklari, IT-park bilan birgalikda Dastur va Loyihani keng ommalashtirish, hududlarda IT-sohadagi tashkilotlarni ularda ishtirok etish uchun keng jalb qilish choralarini ko‘rsin;

Investitsiyalar, sanoat va savdo vazirligi bilan birgalikda ushbu qaror mazmuni va ahamiyatini ommaviy axborot vositalari, Internet tarmog‘i hamda ijtimoiy tarmoqlarda keng yoritib borsin;

manfaatdor vazirlik va idoralar bilan birgalikda ikki oy muddatda qonunchilik hujjatlariga ushbu qarordan kelib chiqadigan o‘zgartirish va qo‘shimchalar to‘g‘risida Vazirlar Mahkamasiga takliflar kiritsin.

14. Mazkur qarorning ijrosini samarali tashkil qilishga mas’ul va shaxsiy javobgar etib raqamli texnologiyalar vaziri Sh.X. Shermatov belgilansin.

Qaror ijrosini muhokama qilib borish, mas’ul tashkilotlar faoliyatini muvofiqlashtirish va nazorat qilish O‘zbekiston Respublikasi Bosh vaziri A.N. Aripov zimmasiga yuklansin.

O‘zbekiston Respublikasi Prezidenti Sh. MIRZIYOYEV

.

O‘zbekiston Respublikasi Prezidentining 2024-yil 26-fevraldagi PQ-87-son qaroriga

1-ILOVA

Loyiha (Local to Global) doirasida xorijiy hamkorlar bilan biznes muzokaralar o‘tkazish maqsadida ularning mamlakatimizga tashrifini tashkil etish bo‘yicha IT-park rezidenti bo‘lgan tashkilotlarning 50 foizgacha xarajatlarini qoplash

MIQDORLARI

T/r

Loyiha doirasida ishtirok etadigan IT-park rezidentining amalda eksport qilgan xizmatlari hajmi

Qoplab beriladigan xarajatlari miqdori

1.

200 ming AQSh dollari va undan yuqori ekvivalentda

20 ming AQSh dollari ekvivalentida

2.

150 ming AQSh dollaridan 200 ming AQSh dollarigacha ekvivalentda

15 ming AQSh dollari ekvivalentida

3.

100 ming AQSh dollaridan 150 ming AQSh dollarigacha ekvivalentda

10 ming AQSh dollari ekvivalentida

4.

50 ming AQSh dollaridan 100 ming AQSh dollarigacha ekvivalentda

5 ming AQSh dollari ekvivalentida

.

.

.

.

O‘zbekiston Respublikasi Prezidentining 2024-yil 26-fevraldagi PQ-87-son qaroriga

2-ILOVA

2024-yilda Qoraqalpog‘iston Respublikasi, viloyatlar va Toshkent shahrida raqamlashtirish sohasidagi xizmatlar ko‘rsatishni rivojlantirishning

MAQSADLI KO‘RSATKICHLARI

T/r

Hududlar va mas’ul tashkilot

2024-yilda IT-xizmatlar eksporti rejasi

(mln dollarda)

shundan choraklar kesimida

(mln dollarda)

Ingliz tiliga o‘qitiladigan mutaxassislar soni

(so‘zlashuv bo‘yicha S1 darajasida)

Nemis va boshqa tillarga o‘qitiladigan mutaxassislar soni

(B2 darajasida)

I chorak

II chorak

III chorak

IV chorak

Respublika bo‘yicha

1 010

142,8

198

300

369,2

60 000

10 000

1.

Qoraqalpog‘iston Respublikasi

15

2

3

4,5

5,5

2 700

450

2.

Andijon viloyati

50

7,5

10

15

17,5

5 100

850

3.

Buxoro viloyati

40

6

8

12

14

3 300

550

4.

Jizzax viloyati

50

7,5

10

15

17,5

2 100

350

5.

Qashqadaryo viloyati

20

3

4

6

7

5 100

850

6.

Navoiy viloyati

20

2

4

6

8

2 400

400

7.

Namangan viloyati

20

2

3

6

9

5 100

850

8.

Samarqand viloyati

50

7,5

10

15

17,5

7 200

1 200

9.

Surxondaryo viloyati

20

2

4

6

8

4 500

750

10.

Sirdaryo viloyati

20

2

4

6

8

1 800

300

11.

Toshkent viloyati

35

5,3

7

10,5

12,2

6 600

1 100

12.

Farg‘ona viloyati

20

3

4

6

7

6 600

1 100

13.

Xorazm viloyati

50

3

7

12

28

3 600

600

14

Toshkent shahri

100

15

20

30

35

3 900

650

15.

IT-park

500

75

100

150

175

.

Hujjat “S VERENIN’S LEGAL GROUP” advokatlik firmasining maʼlumotlar bazasidan taqdim etilgan;

Hujjat _______2024 yil holatiga ko’ra taqdim etilgan.

.

.