O‘zbekiston elchisi Fariddin Nasriev Erondagi qishloq xo‘jaligi mahsulotlarini logistika markazi va “Romak Co.” eksport terminalida bo‘ldi, deb xabar beradi “Dunyo” axborot agentligi muxbiri.
Diplomat markaz faoliyati bilan yaqindan tanishdi va uning direktori Rizo Ganji bilan uchrashdi.
31 gektar maydonda joylashgan mazkur korxona sitrus mevalarni saqlashga mo‘ljallangan bo‘lib, zamonaviy texnologik uskunalar bilan jihozlangan. Markazning asosiy hamkorlari Iroq, Birlashgan Arab Amirliklari, Rossiya va Markaziy Osiyo davlatlari hisoblanadi. Bu markaz orqali yiliga 4 million tonna sitrus mevalari o’tadi.
Muzokaralar chog‘ida O‘zbekiston tomoni O‘zbekistonning eksport salohiyati haqida ma’lumot berdi. Sarmoyaviy hamkorlik istiqbollari, xususan, mamlakatimizda ham shunday markaz tashkil etish masalalari muhokama qilindi.
Eron tomoni O‘zbekiston bilan sitrus mevalarni yetishtirish, saqlash, qadoqlash va eksportga tayyorlash sohasida hamkorlikni boshlashga tayyorligini bildirdi.