04 iyul 2025

O‘zbekiston Respublikasi Investitsiyalar, sanoat va savdo vaziri o‘rinbosari “Sojitz Corporation” kompaniyasining prezidenti va bosh ijrochi direktori bilan uchrashuv o‘tkazdi

Joriy yilning 3-iyul kuni O‘zbekiston Respublikasi Investitsiyalar, sanoat va savdo vaziri o‘rinbosari Akram Aliyev “Sojitz Corporation” kompaniyasining prezidenti va bosh ijrochi direktori Kosuke Uemura bilan uchrashuv o‘tkazdi, deb xabar qilmoqda vazirlik matbuot xizmati.

‘‘Sojitz Corporation’’ — 2004-yilda tashkil etilgan yapon korporatsiyasi bo‘lib, energetika, infratuzilma, sanoat, qishloq xo‘jaligi hamda sog‘liqni saqlash sohalariga ixtisoslashgan. Kompaniyaning umumiy aktivlari 19,2 milliard AQSh dollarini, xodimlar soni esa 25,3 ming kishini tashkil etadi. 2024-yil iyun oyida kompaniya Toshkent shahrida o‘z vakolatxonasini ochgan, sentabr oyida esa hamkorlikni rivojlantirishga qaratilgan strategik “Yo‘l xaritasi” imzolangan.

Uchrashuv davomida Samarqand shahrida davlat-xususiy sheriklik asosida ko‘p tarmoqli shifoxona, Sirdaryo viloyatida 1 573 MVt quvvatga ega parogaz elektr stansiyasi, shuningdek, Navoiy viloyatida 1 GVt quvvatli shamol elektr stansiyasi qurilishi kabi yirik loyihalarni amalga oshirish masalalari muhokama qilindi.

Tomonlar energetika, sog‘liqni saqlash va infratuzilma sohalaridagi investitsiyaviy loyihalar portfelini kengaytirish orqali strategik sheriklikni yanada mustahkamlash muhimligini ta’kidladilar.