Samarqand shahrida Osiyo taraqqiyot bankining 59-Yillik yig’ilishi doirasida Markaziy Osiyoga to’g’ridan-to’g’ri xorijiy investitsiyalarni jalb qilishni rag’batlantirishga bag’ishlangan seminar bo’lib o’tdi, deb xabar qilmoqda ISSV matbuot xizmati. Mazkur tadbirni OTB prezidenti Masato Kanda hamda O’zbekiston Respublikasi Bosh vaziri o’rinbosari Jamshid Xodjayev ochib berdilar.
Ta’kidlanganidek, 2027-yilning boshiga qadar Toshkent xalqaro moliyaviy markazi (TIFC) ishga tushiriladi. U investorlar uchun ingliz umumiy huquqiga asoslangan yurisdiksiya, mustaqil sud va soliq imtiyozlarini taqdim etadi. Shuningdek, tizimli islohotlar, jumladan, opsion va eskrou-hisobvaraqlarining legallashtirilishi, muqobil investitsiya fondlari to’g’risidagi qonun hamda 2025-yil yakuniga ko’ra O’zbekiston yalpi ichki mahsulotining 147 milliard dollarga yetganiga alohida e’tibor qaratildi.
Panel munozaralarida ISSV vaziri o’rinbosari Shoxrux Gulamov, OTB bosh yuridik maslahatchisi Tomas Klark hamda Bankning O’zbekistondagi vakolatxonasi rahbari Kanokpan Lao-Araya ishtirok etishdi. Ekspertlar transchegaraviy loyihalarni hayotga tatbiq qilish maqsadida Investitsiya kengashlarining mintaqaviy alyansini (RAIC-CAC) tashkil etish istiqbollarini muhokama qildilar.
Tadbir yakunida Jamshid Xodjayev barcha ishtirokchilarni 2026-yilning 16–18-iyun kunlari bo’lib o’tadigan 5-Toshkent xalqaro investitsiya forumiga taklif etdi. Forumda RAIC-CACni tashkil etish bo’yicha memorandum imzolanishi kutilmoqda.