16 dekabr 2022

O‘zbekiston va Janubiy Koreya o‘rtasidagi tovar ayirboshlash to‘qqiz oyda 1,8 milliard dollarga yetdi

Toshkentda O‘zbekiston vazirlik va idoralari vakillari Janubiy Koreyaning yetakchi investorlari bilan uchrashdi, deb xabar bermoqda “Dunyo” axborot agentligi muxbiri.

Uchrashuv Savdo-sanoat palatasi va Koreya Respublikasi elchixonasi hamkorligida tashkil etildi. Uning asosiy maqsadi so‘rov davomida Koreyaning 100 kompaniyasi bildirgan muammolarni muhokama qilish va hal qilish edi.

Savdo-sanoat palatasi raisi Davron Vahobov o‘z nutqida Koreya Respublikasi O‘zbekiston bilan eng ko‘p tashqi savdo aylanmasi bo‘yicha yetakchi beshta davlat qatoridan joy olgani va bugungi kunda mamlakatimizda Janubiy Koreya kapitali ishtirokidagi 930 ta korxona faoliyat yuritayotganini ta’kidladi, shundan 380 tasi qo’shma korxonalar va 550 tasi 100% Janubiy Koreya kapitali asosida faoliyat yurituvchi xorijiy korxonalardir. Bu korxonalar faoliyatining asosiy yo‘nalishlari: savdo, transport-logistika, axborot texnologiyalari, turli xizmatlar ko‘rsatish, qurilish va boshqalar.

Yanvar-sentyabr oylarida ikki davlat oʻrtasidagi tovar ayirboshlash hajmi 1,8 milliard dollarni tashkil etib, 2021-yilga nisbatan 5,1 foizga oshgan. Xususan, transport, qurilish, to‘qimachilik, oziq-ovqat va kimyo sanoati sohalarida.

Janubiy koreyalik tadbirkorlar so‘nggi yillarda O‘zbekistonda iqtisodiy islohotlar tizimli ravishda amalga oshirilayotgani, jumladan, xorijiy sarmoyalarni jalb etish bo‘yicha qator huquqiy va moliyaviy imkoniyatlar yaratilgani, respublikaning investisiyaviy jozibadorligini oshirish chora-tadbirlari ko‘rilayotganini ta’kidladi. Shuningdek, janubiy koreyalik sarmoyadorlar o‘z faoliyatida duch kelayotgan ayrim muammolarini ham aytib o‘tishgan. Tadbir davomida muammolarning aksariyati tegishli vazirlik va idoralar tomonidan hal etilib, ayrim masalalar yuzasidan tegishli ko‘rsatmalar berildi.