13 fevral 2023

Ispaniyada o‘tkazilgan xalqaro haftalikda O‘zbekistonning investitsiyaviy salohiyati namoyish etildi

Mamlakatimiz elchixonasi xodimlari  Madridda tashkil etilgan IMEX 2023 xalqaro haftaligida ishtirok etishdi, deb xabar bermoqda “Dunyo” AA muxbiri.

Unda O‘zbekistonning sarmoyaviy va eksport salohiyati keng targ‘ib qilingani barobarida Ispaniya vakillari bilan o‘zaro savdo-iqtisodiy munosabatlarni yana-da rivojlantirish  bo‘yicha qator muzokaralar ham o‘tkazildi.

Qishloq xo‘jaligi va oziq-ovqat sanoatini targ‘ib qilishga qaratilgan ushbu yarmarka  doirasida yetmishga yaqin konferensiya va davra suhbatlari o‘tkazildi. Ularda dunyoning salkam ellik mamlakati vakillari ishtirok etishdi. Haftalik doirasida ispan kompaniyalari uchun asosiy anʼanaviy yo‘nalishlar bilan bir qatorda ilk marotaba yangi va istiqbolli bozor sifatida qaralayotgan Markaziy Osiyo mintaqasiga alohida eʼtibor ko‘rsatildi.

Jumladan, Ispaniya Savdo-sanoat palatasida o‘tkazilgan «Ispaniya kompaniyalari uchun asosiy bozorlar» mavzusidagi konferensiyaning shoʻba yig‘ilishlaridan biri Markaziy Osiyo mintaqasiga bag‘ishlandi. Uning ishida mintaqada faoliyat yuritayotgan ispan kompaniyalari vakillari spikerlar sifatida ishtirok etishdi. “Talgo”, “Airbus”, “Maxam” kompaniyalarining mintaqaviy menejerlari Markaziy Osiyo davlatlarida olib borgan biznes loyihalari muvaffaqiyatli bo‘lganini va bozorning yuqori xarid qobiliyati tufayli mintaqa mamlakatlari bugungi kunda ispan kompaniyalari uchun juda yaxshi hisoblanishini taʼkidladilar. Shu bilan birga, maʼruzachilar O‘zbekistonning iqtisodiyoti jadal rivojlanayotgani va respublika rahbariyati tomonidan amalga oshirilayotgan keng ko‘lamli islohotlar tufayli malakat mintaqada yetakchi o‘rinni egallayotganini qayd etishdi. O‘zbekiston qishloq xo‘jaligi, oziq-ovqat, to‘qimachilik, qurilish materiallari ishlab chiqarish kabi sohalarda salmoqli salohiyatga ega bo‘lgan mamlakat sifatida ispan kompaniyalari uchun katta istiqbol va imkoniyatlar mavjud ekanligi maʼlum qilindi.

Sibelis saroyida bo‘lib o‘tgan «Markaziy Osiyo. Ispaniya kompaniyalariga notanish bo‘lgan yangi mintaqa» mavzuidagi davra suhbatida ispan ekspertlari va mintaqa davlatlarining diplomatiya vakolatxonalari rahbarlari ishtirok etishdi. Tadbirda O‘zbekistonning Ispaniyadagi elchisi Jahongir G‘aniyev mamlakatimizning investitsion va eksport salohiyati to‘g‘risidagi taqdimotini o‘tkazdi. Ispan kompaniyalariga O‘zbekistonda bilan qo‘shma investitsiya loyihalarini amalga oshirish va o‘zaro savdo qilish uchun keng imkoniyatlar mavjudligi, mamlakatimiz Yevropa Ittifoqi bozoriga 6300 turdagi tovarlarni bojsiz olib kirish imkonini beruvchi GSP+ benefitsiari maqomiga ega davlat sifatida eʼtirof qozongani maʼlum qilindi.

Markaziy Osiyo mamlakatlari bilan biznes o‘rnatish masalalarida konsalting xizmatlari ko‘rsatishga ixtisoslashgan «ESKZ Global Consalting»  kompaniyasi prezidenti Adolfo Romero O‘zbekistonda biznes uchun yaratilayotgan sharoitlarga yuqori baho berdi. U Ispaniya va O‘zbekistonning iqtisodiyotlarida qishloq xo‘jaligining salmoqli o‘rin egallashi tufayli amalga oshirilishi mumkin bo‘lgan qator takliflar ishlab chiqilayotganligini aytdi. Adolfo Romero ispan kompaniyalari uchun O‘zbekistonda agrobiznesni rivojlantirish, qayta ishlash sanoati, oziq-ovqat mahsulotlari, qurilish va “aqlli” shahar, tog‘-kon sanoati va energetika, moda va to‘qimachilik, qayta tiklanadigan energiya, sog‘liqni saqlash va farmatsevtika, kimyo, chiqindilarini qayta ishlash va atrof muhitini muhofaza qilish, turizm kabi sohalarda katta imkoniyatlar mavjud ekanligini  taʼkidladi.

Haftalik doirasida o‘tkazilgan ko‘rgazmada O‘zbekistonga bag‘ishlangan maxsus stend tashkil etildi.