O‘zbekiston elchisi Sardor Rustamboyev Hindistonning “Sonani Industries Pvt. Ltd.” kompaniyasi raisi Manesh Sonani bilan uchrashdi, deb xabar bermoqda “Dunyo” axborot agentligi muxbiri.
“Sonani Industries Pvt. Ltd.” – Gujarat shtatining Surat shahrida faoliyat yurituvchi taniqli kompaniya. U yuqori sifatli zargarlik buyumlari bilan shuhrat qozongan.
Uchrashuvda hind sanoatchilariga so‘nggi yillarda O‘zbekistonda xorijiy davlatlardan kelgan ishbilarmonlar va investorlar faoliyati uchun yaratilgan qulay va jozibador muhit, jumladan, zargarlik sanoatini qo‘llab-quvvatlash va yanada rivojlantirish borasida amalga oshirilayotgan izchil chora-tadbirlar haqida ma’lumot berildi.
Korxona vakillariga mamlakatimiz bilan zargarlik buyumlari ishlab chiqarish bo‘yicha qo‘shma loyihani amalga oshirish taklif etildi. Mazkur hamkorlik doirasida taqdim etilayotgan imtiyoz va preferensiyalar tizimiga alohida e’tibor qaratildi.
Manesh Sonani O‘zbekistondagi yangilanish jarayonlarini katta qiziqish bilan kuzatib borayotganini va amaliy loyihalarni muhokama qilish uchun kompaniya delegatsiyasining Toshkentga tashrifiga hozirlik ko‘rayotganini aytdi.
Uchrashuvda “O‘zbekzargarsanoati” uyushmasi va “Sonani Industries Pvt. Ltd.” kompaniyasi o‘rtasida hamkorlikni yo‘lga qo‘yish istiqbollariga oid masalalar atroflicha muhokama qilindi.