17 dekabr 2025

Polsha investitsiya va savdo agentligi Toshkentda o’z vakolatxonasini ochishni tezlashtirishni rejalashtirmoqda

Oʻzbekiston elchisi Amirsaid Agzamxoʻjayev Polsha investitsiya va savdo agentligi prezidenti Andjey Dicha bilan uchrashdi, deb xabar beradi “Dunyo” axborot agentligi muxbiri.

Muzokaralar davomida savdo-iqtisodiy va investitsiya sohalarida Oʻzbekiston-Polsha hamkorligining hozirgi holati va istiqbollari muhokama qilindi. Polsha kompaniyalarining jadal rivojlanayotgan Oʻzbekiston bozoriga kirishga qiziqishiga alohida eʼtibor qaratildi.

Muzokaralar yakunida Oʻzbekistonda Polsha investitsiya va savdo agentligining vakolatxonasini ochish jarayonini tezlashtirish toʻgʻrisida kelishuvga erishildi. Ushbu qadam ikki tomonlama iqtisodiy aloqalarni mustahkamlashda muhim element boʻlishi va polshalik ishbilarmonlar uchun qoʻshimcha imkoniyatlar yaratishi taʼkidlandi.