O‘zbekiston Bosh konsulligi vakillari mahalliy LIUHUA bozori rahbariyati bilan o‘zbek mahsulotlari ko‘rgazma zalini ochish masalasini muhokama qildi, deb xabar beradi “Dunyo” axborot agentligi muxbiri.
Bozor maʼmuriyati vitse-prezidenti Ping Chen bilan muzokaralar chogʻida oʻzaro savdoni kengaytirish va mahalliy qishloq xoʻjaligi mahsulotlari va hunarmandchilik mahsulotlari, oʻzbek ipak va toʻqimachilik mahsulotlarini namoyish etish rejalashtirilgan koʻrgazma zaliga joy ajratish yuzasidan fikr almashildi.
LIUHUA bozori Guanchjouning markaziy tumanida joylashgan bo’lib, uning umumiy maydoni 30 ming kvadrat metrni tashkil qiladi. Bozorga nafaqat shahardan, balki boshqa viloyatlar va xorijdan ham xaridorlar tashrif buyurishadi.
Uchrashuvda Xitoy tomoni mamlakatlarimiz qadim zamonlardan buyon o‘zaro savdo-sotiq aloqalari olib borayotgani, bunda Buyuk Ipak yo‘li muhim o‘rin tutganini alohida ta’kidladi. Bugungi kunda iqtisodiy aloqalar faol rivojlanib, samarali hududlararo hamkorlik yo‘lga qo‘yilgan. Shu munosabat bilan, LIUHUA bozori ushbu jarayonlarga hissa qo’shishga tayyor.
Muzokaralar natijasida Oʻzbekistonda ishlab chiqarilgan mahsulotlar koʻrgazma zalini ochish va “Made in Uzbekistan” yirik koʻrgazmasini tashkil etish boʻyicha kelishuvga erishildi. Xitoylik hamkorlar O‘zbekiston mahsulotlarini LIUHUA Market onlayn platformasi orqali sotishni ham taklif qilishdi.