O‘zbekiston elchixonasi vakillari Turkiyaning Mersin va Adana shaharlarida bo‘ldi, deb xabar bermoqda “Dunyo” axborot agentligi muxbiri.
Viloyat Savdo-sanoat palatasi raisi Xoqon Sefa Chakir, erkin iqtisodiy zona boshqaruv kompaniyasi raisi Edvar Mam va sanoat zonasi raisi Sabri Tekli bilan Mersin shahriga tashrifi chog‘ida hududlararo savdoni faollashtirish imkoniyatlari va iqtisodiy aloqalar muhokama qilindi. Mersin viloyatida faoliyat yuritayotgan 40 ga yaqin kompaniyaga O‘zbekistonning investitsiyaviy, savdo-iqtisodiy salohiyati taqdim etildi.
Mersin shahriga tashrif yakunlari boʻyicha Oʻzbekistonda savdo uyi va omborxona tashkil etish, Yevropa, Yaqin Sharq va Shimoliy Afrikaga eksport qilish tashabbuslarini hamkorlikda ishlab chiqish, shuningdek, hududiy sanoatchilar delegatsiyasining mamlakatimizga tashrifini tashkil etish boʻyicha kelishuvga erishildi.
Shu bilan birga Adana shahriga ham samarali tashrif uyushtirildi. Xususan, viloyat sanoat palatasi raisi – “Kıvanç Tekstil” korxonasi egasi Zeki Kivanch, “Ertar kimya” (o‘simliklarni himoya qilish) kompaniyasi bosh direktori Serdal Tarim va Cansa Tarim kompaniyasi (qishloq xo’jaligi texnikasi) Sherif Jana boshqaruv raisi bilan qo‘shma loyihalarni amalga oshirish imkoniyatlari muhokama qilindi.