O‘zbekiston elchixonasi vakillari Qohirada Misr Sanoatchilar federatsiyasi Qurilish materiallari sanoat palatasi boshqaruvchi direktori Hatim al-Manufiy bilan uchrashdi, deb xabar bermoqda “Dunyo” axborot agentligi muxbiri.
Uchrashuvda tomonlar qurilish sohasidagi hamkorlikni yanada rivojlantirish istiqbollari yuzasidan fikr almashdilar.
Misr tomoniga Qoraqalpog‘iston Respublikasida qurilish materiallari ishlab chiqarish bilan bog‘liq loyihalar taqdim etildi. Beruniy va Taxiatosh hududlarida ohaktosh qazib olish, bazalttoshdan bazalt tolasi olish va tabiiy pardozlash toshlarini qayta ishlash imkoniyatlari misrliklarda alohida qiziqish uyg‘otdi.
Uchrashuv yakunlari bo‘yicha mazkur yo‘nalishlarda hamkorlik qilishdan manfaatdor kompaniyalar bilan qo‘shimcha muzokaralar olib borish va aniq loyihalarni yanada muhokama qilish bo‘yicha kelishuvga erishildi.