Oʻzbekiston Respublikasi Investitsiyalar, sanoat va savdo vazirligida investitsion-bankirlik guruhi ‘‘WOOD & Company’’ vakillari bilan uchrashuv bo‘lib o‘tdi, deb xabar qilmoqda vazirlik matbuot xizmati.
Muzokaralarda vazir o‘rinbosari Ilzat Kasimov hamda kompaniya rahbariyati ishtirok etdi. Tomonlar moliya bozorlari, infratuzilma, ko‘chmas mulk va energetika sohalarida hamkorlikni kengaytirish istiqbollarini muhokama qildilar.
‘‘WOOD & Company’’ 1991-yilda Praga shahrida tashkil etilgan bo‘lib, Markaziy va Sharqiy Yevropadagi eng yirik mustaqil brokerlik kompaniyalaridan biridir. Kompaniya investitsiya masalalari bo‘yicha maslahat berish, aksiyalar va obligatsiyalarni joylashtirish hamda M&A (qo‘shilish va qo‘shib olish) bitimlarini qo‘llab-quvvatlash sohalarida faoliyat yuritadi.
Uchrashuv yakunida tomonlar qo‘shma loyihalarni ishlab chiqish va O‘zbekiston kompaniyalarining xalqaro kapital bozorlariga chiqishiga ko‘maklashish, shu jumladan IPO jarayonlariga tayyorgarlik va ularni o‘tkazishda hamkorlik qilish bo‘yicha kelishuvga erishdilar.