O‘ZBEKISTON RESPUBLIKASI PREZIDENTINING
FARMONI
1.08.2018-y.
PF-5495-son
O‘ZBEKISTON RESPUBLIKASIDA INVESTITSIYA MUHITINI TUBDAN YAXSHILASH CHORA-TADBIRLARI TO‘G‘RISIDA
Ta’kidlash lozimki, mamlakatda to‘g‘ridan to‘g‘ri investitsiyalarni jalb etish uchun eng qulay investitsiya muhitini shakllantirish maqsadida iqtisodiyotni liberallashtirish, davlat boshqaruvini isloh qilish, tadbirkorlik subyektlari faoliyatiga aralashuvni cheklash, litsenziyalash va ruxsat berish tartib-taomillarini qisqartirish va soddalashtirish, tovarlar (ishlar va xizmatlar)dan erkin foydalanishni ta’minlash, shuningdek, hududlarda zarur infratuzilmani yaratish borasida keng ko‘lamli chora-tadbirlar amalga oshirildi.
Soliq yukini kamaytirish va investorlar uchun soliqqa tortish tizimini soddalashtirish, sog‘lom raqobat muhitini qo‘llab-quvvatlashga qaratilgan soliq siyosati va bojxona-tarif jihatdan tartibga solish islohotlari jadal sur’atlar bilan amalga oshirilmoqda.
Shu bilan birga, investorlar bilan ishlashda, ayniqsa joylarda, investorlarning tashabbuslari barcha darajadagi hokimliklar tomonidan lozim darajada qo‘llab-quvvatlanmasligi, bu borada vazirlik va idoralar faoliyati aniq muvofiqlashtirilmaganligi bilan bog‘liq byurokratik to‘siq va g‘ovlar hali ham mavjudligi qulay investitsiya muhitini shakllantirish bo‘yicha davlat siyosatining izchilligiga bo‘lgan ishonchning mustahkamlanishiga to‘sqinlik qilmoqda.
Mamlakatda investitsiya muhitini yanada yaxshilash, to‘g‘ridan to‘g‘ri investitsiyalarni jalb etishni rag‘batlantirish, investorlarning bu boradagi davlat siyosatining izchilligiga bo‘lgan ishonchini mustahkamlash va investorlar bilan ishlashda davlat tuzilmalarining mas’uliyatini oshirish maqsadida:
1. 2018-yil 1-avgustdan shunday tartib o‘rnatilsinki, unga muvofiq:
insofli faoliyat yuritgan investor va tadbirkorlik subyektiga davlat organi (mansabdor shaxs) tomonidan ularga nisbatan qabul qilingan ma’muriy hujjatning qonuniy kuchiga ishonishi sababli kelib chiqqan mulkiy zararning o‘rni qoplanadi, agarda ushbu hujjatning qonuniy kuchiga ishonib mol-mulkdan foydalangan, bitim tuzgan yoki taqdim etilgan afzallik va ustunliklardan boshqacha tarzda foydalangan hamda mazkur hujjat keyinchalik haqiqiy emas deb topilgan yoki bekor qilingan bo‘lsa;
davlat organi (mansabdor shaxs)ning ma’muriy hujjatini bekor qilish yoki o‘zgartirish masalasi, agar u insofli investor va tadbirkorlik subyektining qonuniy manfaatlariga daxldor bo‘lsa, sud tartibida ko‘rib chiqiladi, uning saqlab qolinishi jamoat manfaatlariga tahdid solayotgan hollar bundan mustasno.
11. Belgilansinki:
davlat organlari, ularning mansabdor shaxslari va xizmatchilarining qonunga xilof deb topilgan qarorlari, harakatlari (harakatsizligi) natijasida tadbirkorlik subyektiga yetkazilgan zararning o‘rni sud qarori asosida to‘la hajmda jismoniy va yuridik shaxslarga yetkazilgan mulkiy zararlarni kompensatsiya qilish bo‘yicha maqsadli jamg‘armalar mablag‘lari hisobidan qoplanishi, keyinchalik aybdor shaxslardan to‘liq miqdorda regress tartibida undirib olinishi lozim;
tadbirkorlik subyektlari o‘rtasidagi iqtisodiy nizolar iqtisodiy sud yoki hakamlik sudi tomonidan ko‘rib chiqiladi.
5. Quyidagilarga:
Qoraqalpog‘iston Respublikasi Vazirlar Kengashi Raisiga, viloyatlar va Toshkent shahar hokimlariga qonun hujjatlarida belgilangan vakolatlar doirasida va tartibda 10 million AQSh dollaridan ko‘p bo‘lmagan ekvivalentda chet el investitsiyasi ulushi bo‘lgan investitsiya loyihalarini amalga oshirishda chet el investorlari bilan investitsiya shartnomalarini tuzish;
Qoraqalpog‘iston Respublikasi Jo‘qorg‘i Kengesi, xalq deputatlari viloyatlar va Toshkent shahar Kengashlariga umumiy maydoni 2000 kvadrat metrdan ortiq, lekin 5000 kvadrat metrdan ko‘p bo‘lmagan, davlat mulki obyektlarini (O‘zbekiston Respublikasi Prezidentining 2017-yil 16-iyundagi “Davlat mulki obyektlarini sotish tartib-taomillarini yanada takomillashtirish chora-tadbirlari to‘g‘risida”gi PQ-3067-son qarorining 1 va 2-ilovalarida ko‘rsatilgan obyektlar bundan mustasno) investitsiya loyihalarini amalga oshirish uchun sotish to‘g‘risida qaror qabul qilish huquqi berilsin.
6. O‘zbekiston Respublikasi Adliya vazirligi, Iqtisodiyot vazirligi hamda Xususiylashtirilgan korxonalarga ko‘maklashish va raqobatni rivojlantirish davlat qo‘mitasining:
chet el investitsiyalari ishtirokidagi korxonalar ustav fondidagi xorijiy investitsiyalar ulushining eng kam miqdorini 30 foizdan 15 foizgacha kamaytirish;
chet el investitsiyalari ishtirokidagi korxonaning ishtirokchisi sifatida xorijiy yuridik shaxs qatnashishi shartligi to‘g‘risidagi talabni bekor qilish;
chet el investitsiyalari ishtirokidagi korxonalar ustav fondining eng kam miqdorini 600 million so‘mdan 400 million so‘mgacha kamaytirish;
chet el investitsiyalari ishtirokidagi korxonalarni davlat ro‘yxatidan o‘tkazish uchun davlat boji miqdorini uch baravarga kamaytirish;
aksiyadorlik jamiyatlari ustav fondining eng kam miqdorini 400 million so‘m miqdorida belgilash;
meva-sabzavot mahsulotlariga eksport kontraktlarini “O‘zagroeksport” AJ tomonidan e’lon qilingan narxlardan past bo‘lmagan narxlar bo‘yicha tuzish, shuningdek, meva-sabzavot mahsulotlarini eksport kontraktini tuzmasdan, “O‘zagroeksport” AJ rasmiy veb-saytida qayd etilgan narxlardan past bo‘lmagan narxlar bo‘yicha invoys asosida bojxona rasmiylashtiruvidan o‘tkazish tartibini bekor qilish haqidagi takliflari ma’qullansin.
61. Belgilab qo‘yilsinki:
mazkur Farmonning 6-bandida belgilangan shartlarga muvofiq bo‘lgan hamda xo‘jalik faoliyatidan tushadigan jami mablag‘ning 60 foizdan ko‘prog‘i ustav faoliyatida ularning o‘zlari ishlab chiqarayotgan mahsulot va (yoki) ko‘rsatayotgan servis xizmati ulushiga to‘g‘ri keladigan xorijiy, shu’ba va qo‘shma korxonalar chet el investitsiyalari ishtirokidagi korxonalar jumlasiga kiradi;
chet el investitsiyalari ishtirokidagi korxonalarning ustav fondlarini ta’sis hujjatlarida ko‘zda tutilgan miqdorlarda shakllantirishning oxirgi muddati hukumatning ayrim qarorlarida boshqa qoida nazarda tutilmagan bo‘lsa, korxona davlat ro‘yxatidan o‘tgan paytdan boshlab bir yildan oshmasligi kerak;
ustav fondining miqdori kamida 200 mln so‘m bo‘lgan hamda ustav fondidagi chet el investitsiyalari ulushi 15 foizni tashkil etuvchi korxonalar Qoraqalpog‘iston Respublikasi va Xorazm viloyati hududida yangi barpo etiladigan chet el investitsiyalari ishtirokidagi korxonalar deb hisoblanadi;
mazkur bandning to‘rtinchi xatboshisida nazarda tutilgan imtiyoz belgilangan tartibda ro‘yxatga olingan, Qoraqalpog‘iston Respublikasi va Xorazm viloyati hududida joylashgan va o‘z faoliyatini amalga oshirayotgan chet el investitsiyalari ishtirokida yangi tashkil etilgan korxonalargagina taalluqlidir.
7. O‘zbekiston Respublikasi Bosh vazirining o‘rinbosari — O‘zbekiston Respublikasi Investitsiyalar bo‘yicha davlat qo‘mitasi raisi S.R. Xolmurodov:
vakolatli organlardan har birining huquqlaridan kelib chiqqan holda ularning chet el investitsiyalarini jalb etish va har tomonlama qo‘llab-quvvatlash masalalari bo‘yicha o‘zaro muvofiqlashtirilgan faoliyatini ta’minlasin;
vazirliklar, idoralar, xo‘jalik birlashmalari, Qoraqalpog‘iston Respublikasi Vazirlar Kengashi, viloyatlar va Toshkent shahar hokimliklari, savdo-iqtisodiy masalalar bo‘yicha maslahatchilarning ushbu sohadagi asosiy vazifalarning bajarilishini baholagan holda davlat investitsiya siyosatining amalga oshirilishi to‘g‘risidagi oylik hisobotlarini eshitishlarni, shu jumladan axborot-kommunikatsiya texnologiyalari imkoniyatlarini qo‘llagan holda o‘tkazsin;
xorijiy investorlarni mamlakatimizning iqtisodiy salohiyati, biznes yuritish uchun yaratilgan qulay sharoitlar to‘g‘risida keng xabardor qilish maqsadida xalqaro konferensiyalar, seminarlar, yirik investitsiya forumlarini tashkil etish orqali chet el investitsiyalarini jalb etishni kengaytirsin.
8. Quyidagilarga:
O‘zbekiston Respublikasi Vazirlar Mahkamasi komplekslari, vazirliklar, idoralar va xo‘jalik birlashmalari rahbarlari zimmasiga — investitsiya muhitini rivojlantirish bo‘yicha qabul qilingan qarorlarning samarali amalga oshirilishi, xorijiy investorlarga zarur ko‘mak ko‘rsatilishi, investitsiya buyurtmanomalari sifatli va tezkor ko‘rib chiqilishi, investitsiya buyurtmanomalari bo‘yicha kelishish tartib-taomillari o‘tkazilishi, shuningdek, ijtimoiy-iqtisodiy rivojlanish va investitsiya faoliyati sohasidagi muammoli masalalarning hal qilinishi;
Qoraqalpog‘iston Respublikasi Vazirlar Kengashi Raisi, viloyatlar va Toshkent shahar hokimlari zimmasiga — xorijiy investorlarga barcha zarur ko‘mak ko‘rsatilishi, investorlar bilan to‘g‘ridan to‘g‘ri va ochiq muloqotni o‘rnatish orqali investitsiya buyurtmanomalarining tezkor ko‘rib chiqilishi, investorlarning tizimli ravishda shaxsan qabul qilinishi, tegishli infratuzilmaning ta’minlanishi, yer uchastkalari elektron onlayn-auksionga chiqarilishi, ruxsat beruvchi hujjatlar berilishi, investitsiya buyurtmanomalari bo‘yicha kelishish tartib-taomillarining o‘z vaqtida amalga oshirilishi, investitsiya loyihalarini amalga oshirishning tizimli monitoring qilinishi;
O‘zbekiston Respublikasi Xususiylashtirilgan korxonalarga ko‘maklashish va raqobatni rivojlantirish davlat qo‘mitasi rahbari zimmasiga — faoliyat yuritmayotgan yoki qurilishi tugallanmagan obyektlar, samarasiz foydalanilayotgan ishlab chiqarish binolari hamda yer maydonlarining ularda to‘g‘ridan to‘g‘ri investitsiyalar ishtirokidagi investitsiya loyihalarini joylashtirish uchun puxta xatlovdan o‘tkazilishi;
“O‘zbekenergo” AJ raisi, “O‘ztransgaz” AJ raisi, O‘zbekiston Respublikasi uy-joy kommunal xizmat ko‘rsatish vaziri, Qoraqalpog‘iston Respublikasi Vazirlar Kengashi Raisi, viloyatlar va Toshkent shahar hokimlari zimmasiga — investorlarning ishlab chiqarish obyektlari qurilishi va ularning tashqi infratuzilmaga ulanishi, investorlarning ishlab chiqarish ehtiyojlariga muvofiq elektr energiyasi, tabiiy gaz, suv bilan uzluksiz hamda tashqi kanalizatsiya tarmoqlari bilan ta’minlanishi;
O‘zbekiston Respublikasi Savdo-sanoat palatasi raisi zimmasiga — investorlarga respublika hududlarida investitsiya loyihalarini amalga oshirishda maslahat ko‘magining ko‘rsatilishi yuzasidan shaxsiy javobgarlik yuklansin.
9. Investitsiya kiritish vaqtida O‘zbekiston Respublikasida o‘rnatilgan bazaviy hisoblash miqdorining 8500 baravaridan kam bo‘lmagan miqdorda xo‘jalik jamiyatlarining aksiyalari va ulushlarini sotib olish, shuningdek, xorijiy korxona tashkil etish shaklida O‘zbekiston Respublikasiga investitsiya kiritgan chet el fuqarolari va fuqaroligi bo‘lmagan shaxslarga ko‘p martalik uch yillik viza olish va uning amal qilish muddatini O‘zbekiston Respublikasi hududidan chiqish zaruratisiz cheklanmagan miqdorda uzaytirish huquqi berilsin.
O‘zbekiston Respublikasi Ichki ishlar vazirligi mamlakat iqtisodiyotining ustuvor sohalariga katta miqdorda investitsiya kiritgan chet el fuqarolariga “Faxriy fuqaro” maqomini berish tartibini joriy etish bo‘yicha takliflar kiritsin.
10. Mamlakatning investitsiyaviy jozibadorligini oshirish bo‘yicha chora-tadbirlar dasturi ilovaga muvofiq tasdiqlansin.
Vazirlik va idoralar rahbarlari zimmasiga Chora-tadbirlar dasturida nazarda tutilgan tadbirlarning o‘z vaqtida va sifatli amalga oshirilishi yuzasidan shaxsiy javobgarlik yuklansin.
11. O‘zbekiston Respublikasi Investitsiyalar bo‘yicha davlat qo‘mitasi O‘zbekiston Respublikasi Prezidenti huzuridagi Loyiha boshqaruvi milliy agentligi bilan birgalikda 2019-yil 1-yanvarga qadar muddatda investitsiya kiritish uchun eng qulay sharoitlar yaratishga qaratilgan, investitsiya faoliyati sohasidagi unifikatsiya qilingan qonun hujjati loyihasini ishlab chiqsin va belgilangan tartibda kiritsin.
12. O‘zbekiston Respublikasi Bosh prokuraturasi, bo‘ysunuvidan qat’i nazar, barcha darajadagi davlat boshqaruvi organlari va boshqa tashkilotlar tomonidan investorlarning huquq va kafolatlarini himoya qilish bo‘yicha amaldagi qonun hujjatlariga so‘zsiz rioya etilishi ustidan qat’iy nazorat o‘rnatsin hamda qonun hujjatlari buzilishining oldini olish va aybdor mansabdor shaxslarni javobgarlikka tortish yuzasidan ta’sirchan choralar ko‘rsin.
13. O‘zbekiston Respublikasi Adliya vazirligi ikki oy muddatda:
Investitsiyalar bo‘yicha davlat qo‘mitasi, Yer resurslari, geodeziya, kartografiya va davlat kadastri davlat qo‘mitasi, Iqtisodiyot vazirligi hamda boshqa manfaatdor idoralar bilan birgalikda qonun hujjatlariga ushbu Farmondan kelib chiqadigan o‘zgartish va qo‘shimchalar to‘g‘risida Vazirlar Mahkamasiga takliflar kiritsin;
idoraviy normativ-huquqiy hujjatlarni investitsiya faoliyatini amalga oshirishga to‘sqinlik qilayotgan yoki uni murakkablashtirayotgan norma va qoidalarni aniqlash nuqtai nazaridan to‘liq xatlovdan o‘tkazib, ularni bartaraf etish choralarini ko‘rsin.
14. Mazkur Farmonning ijrosini nazorat qilish O‘zbekiston Respublikasining Bosh vaziri A.N. Aripov, O‘zbekiston Respublikasi Bosh vazirining o‘rinbosari — O‘zbekiston Respublikasi Investitsiyalar bo‘yicha davlat qo‘mitasi raisi S.R. Xolmurodov, O‘zbekiston Respublikasining Bosh prokurori O.B. Murodov va O‘zbekiston Respublikasi Prezidenti Davlat maslahatchisining birinchi o‘rinbosari B.M. Mavlonov zimmasiga yuklansin.
O‘zbekiston Respublikasi Prezidenti Sh. MIRZIYOYEV
O‘zbekiston Respublikasi Prezidentining 2018-yil 1-avgustdagi PF-5495-son Farmoniga
ILOVA
Mamlakatning investitsiyaviy jozibadorligini oshirish bo‘yicha
ChORA-TADBIRLAR DASTURI
T/r |
Tadbirlar |
Amalga oshirish shakli |
Bajarish muddatlari |
Mas’ul ijrochilar |
1. |
Investitsiya faoliyatini tartibga soluvchi unifikatsiyalashgan qonun hujjatini ishlab chiqish. |
Qonun loyihasi |
2018-yil |
Investitsiyalar bo‘yicha davlat qo‘mitasi (Xolmurodov), Davlat raqobat qo‘mitasi (G‘ulomov), MB (Nurmurotov) |
2. |
Aksiyadorlik jamiyati ustav jamg‘armasining minimal miqdorini 400 mln.so‘mgacha kamaytirish. |
Qonun loyihasi |
2018-yil |
Davlat raqobat qo‘mitasi (G‘ulomov), |
3. |
Chet ellik jismoniy shaxslarga xorijiy investitsiyalar ishtirokidagi korxona muassisi (qatnashchisi) sifatida bevosita harakat qilish huquqini berish. |
O‘zbekiston Respublikasi Prezidenti Farmoni loyihasi |
2018-yil |
Adliya vazirligi (Davletov), Iqtisodiyot vazirligi (Xodjayev), |
4. |
Xorijiy investitsiyalar ulushining minimal miqdorini 15 foizgacha pasaytirish. |
|||
5. |
O‘zbekiston Respublikasi hududida xorijiy tijorat tashkilotlari vakolatxonalarini akkreditatsiya qilish va ularning faoliyat yuritish tartibini takomillashtirish, shu jumladan akkreditatsiya muddatini 5 yilgacha uzaytirish va akkreditatsiya uchun to‘lov haqini uch baravar kamaytirish. |
Normativ-huquqiy hujjat loyihasi |
2018-yil |
Investitsiyalar bo‘yicha davlat qo‘mitasi (Xolmurodov), |
6. |
Respublika hududlarining brendini yaratish hamda reklama (roliklar)ni yetakchi telekanallarda joylashtirish, festivallar va anjumanlarda, ijtimoiy tarmoqlarda namoyish etish, original shiorlarni ishlab chiqish yo‘li bilan ularni targ‘ib etishga qaratilgan “Yo‘l xaritasi”ni ishlab chiqish. |
Vazirlar Mahkamasi qarori loyihasi |
2018-yil |
Investitsiyalar bo‘yicha davlat qo‘mitasi (Xolmurodov), |
7. |
Hamkor mamlakatlarning biznes hamjamiyatlari ishtirokida mamlakatda amalga oshirilayotgan islohotlarning mohiyati va ahamiyatini yoritishga, shu jumladan investorlarni qonunchilikdagi o‘zgarishlar to‘g‘risida xabardor qilishga qaratilgan jahon miqyosidagi anjumanlarni tashkil etish va o‘tkazish. |
Tashkiliy chora-tadbirlar |
2018-yil |
LBMA (Sodiqov), Investitsiyalar bo‘yicha davlat qo‘mitasi (Xolmurodov), |
8. |
Hududlar bo‘yicha alohida- alohida mahsulot eksportining prognoz ko‘rsatkichlarini hisobga olish va uning statistikasini yuritish tartibini bekor qilish. Mahsuloti eksport qilinayotgan hududlar: eksport operatsiyalarining barcha qatnashchilarini, shu jumladan mahsulot ishlab chiqaruvchi va ko‘maklashuvchi organlarni; jismoniy shaxslar tomonidan olib chiqib ketilayotgan mahsulot hajmlarini; prognoz ko‘rsatkichlari bajarilishi to‘g‘risidagi hisobot bilan bog‘liq eksport operatsiyalariga salbiy ta’sir qiluvchi omillarni bartaraf etishni hisobga olgan holda eksport statistikasini yuritish tartibini tasdiqlash. |
Normativ-huquqiy hujjat loyihasi |
2018-yil |
Davlat statistika qo‘mitasi (Begalov), |
9. |
Intellektual mulk obyektiga bo‘lgan huquqning ishonchli himoya qilinishini ta’minlash kafolatlarini kuchaytirish. |
Normativ-huquqiy hujjat loyihasi |
2018-yil |
Adliya vazirligi (Davletov), |
10. |
Konsessiya munosabatlarini rivojlantirish, shu jumladan konsessiyaviy bitim muddatini oshirish. |
Qonun loyihasi |
2018-yil |
Iqtisodiyot vazirligi (Xodjayev), Davlat raqobat qo‘mitasi (G‘ulomov), Investitsiyalar bo‘yicha davlat qo‘mitasi (Xolmurodov), |
11. |
Xorijiy investorlar tomonidan mehnat faoliyatini amalga oshirish va xorijiy ishchi kuchini jalb etish sohasida ruxsatnomalar tartib-taomillaridan o‘tishni soddalashtirish. |
Normativ-huquqiy hujjat loyihalari |
2018-yil |
Adliya vazirligi (Davletov), |
12. |
Xususiy sektorda quyidagilarni nazarda tutuvchi mehnat qonunchiligini takomillashtirish: muddatli mehnat shartnomalari tuzish asoslarini kengaytirish; ishga qabul qilishning yangi shakllarini (bir martalik, soatbay), shuningdek, mehnatga soatbay haq to‘lash tartibini joriy etish; ish beruvchining tashabbusi bilan mehnat shartnomasini, jumladan ogohlantirish muddatini qisqartirgan holda tugatish imkoniyatini kengaytirish. |
Qonun loyihasi |
2018-yil |
Mehnat vazirligi (Kudbiyev), Iqtisodiyot vazirligi (Xodjayev), |
13. |
Soliq krediti institutini joriy etishning maqsadga muvofiqligi to‘g‘risidagi masalani ishlab chiqish. |
Tahliliy axborot |
2018-yil |
DSQ (Musayev), Iqtisodiyot vazirligi (Xodjayev), |
14. |
Investitsiya shartnomalarini tuzish va amalga oshirish tartibini takomillashtirish, bunda, shu jumladan, investitsiya shartnomalarini tuzish huquqini mahalliy ijro etuvchi hokimiyat organlariga topshirish, tartib-taomillarni optimallashtirish nazarda tutilsin. |
Normativ-huquqiy hujjat loyihasi |
2018-yil |
Investitsiyalar bo‘yicha davlat qo‘mitasi (Xolmurodov), |
15. |
Qonunchilikning barqarorligi va prognoz qilinishini ta’minlashga, shuningdek, huquqiy boshqarishning haddan ortiq yukini bartaraf etishga qaratilgan qonun ijodkorligi faoliyatining zamonaviy usullarini joriy etish. |
Chora-tadbirlar kompleksi |
2018-yil |
Adliya vazirligi (Davletov), |
16. |
Investitsiya kiritish shart-sharoitlarini yomonlashtiruvchi omil sifatida e’tirof etiladigan holatlar ro‘yxatini kengaytirish, ushbu holatlarni qonun darajasida nazarda tutib, kafolatni qo‘llash bo‘yicha xulosa taqdim etadigan vakolatli organni belgilash. |
Normativ-huquqiy hujjat loyihasi |
2018-yil |
Investitsiyalar bo‘yicha davlat qo‘mitasi (Xolmurodov), Adliya vazirligi (Davletov), |
17. |
Buxgalteriya hisobining milliy standartlarini moliyaviy hisobotining xalqaro standartlari bilan uyg‘unlashtirish choralarini ko‘rish. |
Chora-tadbirlar kompleksi |
2018-yil |
Moliya vazirligi (Qo‘chqorov), |
18. |
Yer uchastkalarini ijaraga berish tartibini ishlab chiqish va kiritish. |
Vazirlar Mahkamasi qarori loyihasi |
2018-yil |
“Yergeodezkadastr” davlat qo‘mitasi (Abdullayev), Qurilish vazirligi (To‘xtayev), |
19. |
Qishloq xo‘jaligi ahamiyatiga ega bo‘lmagan yer uchastkalariga (birinchi bosqichda – binolarni yer uchastkalari bilan birga sotishda va ko‘chmas mulk qurilishida) xususiy mulk huquqini bosqichma-bosqich joriy etib, ularni fuqarolik aylanmasiga tatbiq etishning huquqiy mexanizmlarini ishlab chiqish. |
Normativ-huquqiy hujjatlar loyihalari |
2018-yil |
Adliya vazirligi (Davletov), “Yergeodezkadastr” davlat qo‘mitasi (Abdullayev) |
20. |
Valyuta mablag‘lari tushishini kechiktirishga yo‘l qo‘yganligi uchun tadbirkorlik subyektiga nisbatan jarima sanksiyalari qo‘llanilishini bekor qilish (davlat ishtirokidagi korxonalar bundan mustasno). |
Vazirlar Mahkamasi qarori loyihasi |
2018-yil |
DSQ (Musayev), |
21. |
“Xalqaro tijorat arbitraji to‘g‘risida”gi Qonun loyihasini ishlab chiqish. |
Qonun loyihasi |
2018-yil |
Vazirlar Mahkamasi (Xolmurodov), |
22. |
Litsenziyalash va ruxsatnoma berish tartib-taomillaridan o‘tish tizimini tubdan isloh qilish, bunda quyidagilarni nazarda tutish: tadbirkorlik sohasidagi faoliyatning ayrim turlarini litsenziyalash va ruxsatnoma berish tartib-taomillaridan o‘tish to‘g‘risidagi qonunchilikni unifikatsiyalash, jumladan litsenziyalash va ruxsatnoma berish tartib-taomillariga nisbatan “Ma’muriy tartib-taomillar to‘g‘risida”gi Qonun normalarini qo‘llash; yangi tizim doirasida past toifadagi xavf-xatarga mos keladigan alohida faoliyat turlari va harakatlarini amalga oshirish uchun xabardor qilish tartibini joriy etgan holda xavf-xatarlar toifalari asosida litsenziyalash va ruxsatnoma berish tartib-taomillaridan o‘tish tizimining yangi tasnifini tasdiqlash; litsenziyalash va ruxsatnoma berish tartib-taomillaridan o‘tish tizimining investitsiya muhitiga ta’sirini baholash metodikasini tadbirkorlik subyektlari sarf-xarajatlarini baholashning standart modeli asosida ishlab chiqish. |
Normativ-huquqiy hujjatlar loyihalari |
2018-yil |
LBMA (Sodiqov), |
23. |
Birinchi navbatda qurilish va moliya sohalarida, shu jumladan 2018-2019-yillarda 5 tadan kam bo‘lmagan obyektlarda aksiyalarni aholiga birlamchi (IPO) va ikkilamchi (SPO) ommaviy joylashtirishni o‘tkazish orqali xususiylashtirish jarayonlarini hamda aksiyadorlik kompaniyalariga xususiy kapitalni jalb etishni jadallashtirish; o‘rnatiladigan tartibga muvofiq savdo tashkilotchilari davlat mulki obyektlarining narxini qadamba-qadam pasaytirib borish mexanizmini sotuvchi bilan kelishmasdan mustaqil ravishda qo‘llaydilar. |
Vazirlar Mahkamasi qarori loyihasi |
2018-yil |
Davlat raqobat qo‘mitasi (G‘ulomov), Moliya vazirligi (Haydarov), Iqtisodiyot vazirligi (Xodjayev) |
24. |
Ta’lim sohasiga, shu jumladan chet ellarning yetakchi oliy ta’lim muassasalari filiallarini ochish va masofaviy o‘qitish mexanizmlarini tatbiq etish; yetakchi xorijiy oliy o‘quv yurtlarini litsenziyalashni bekor qilib, ular tomonidan berilgan diplomlarni qo‘shimcha tartib-taomillarsiz, shu jumladan akkreditatsiya qilmasdan e’tirof etish orqali investitsiyalarni jalb etishga qaratilgan qonun hujjatlarini takomillashtirish. |
O‘zbekiston Respublikasi Prezidenti qarori loyihasi |
2018-yil |
OO‘MTV (Madjidov), Adliya vazirligi (Davletov) |
Izoh: Ushbu Dasturda nazarda tutilgan chora-tadbirlarni amalga oshirishda ishlab chiqilayotgan hujjat shakli o‘zgartirilishi yoki ishlab chiqilayotgan hujjat boshqa bandlarda ko‘zda tutilgan o‘zga hujjatlar bilan birlashtirilishi mumkin. Ikki va undan ko‘proq hujjatlar birlashtirilganda tegishli bandlarni bajarish uchun belgilangan eng kech ko‘rsatilgan muddat ularni ishlab chiqish muddati hisoblanadi.
Hujjat “S VERENIN’S LEGAL GROUP” advokatlik firmasining maʼlumotlar bazasidan taqdim etilgan;
Hujjat ___23.05____2024 yil holatiga ko’ra taqdim etilgan.