21 Aprel 2022

O‘zaro manfaatli O‘zbekiston – Saudiya Arabistoni munosabatlarini kengaytirish maqsadida faol hamkorlik

O‘zbekiston hukumat delegasiyasining Saudiya Arabistoniga tashrifi chog‘ida mamlakatimizning tegishli vazirlik va idoralari rahbarlari ko‘p qirrali ikki tomonlama munosabatlarning istiqbolli yo‘nalishlarini muhokama qilish va o‘zaro manfaatli yangi “o‘sish nuqtalarini” kashf etish maqsadida saudiyalik hamkor va ishbilarmonlar bilan bir qator uchrashuv va muzokaralar o‘tkazdilar.

Xususan, Saudiya Arabistonining «ACWA Power», «Al Rajhi», «Dr. Sulaiman Al-Habib», «Saudi German Hospitals», «Saudi National Bank», «Maaden», «Dar Al Arkan» va «Al Hokair» kompaniyalari rahbariyatlari bilan muzokaralar o‘tkazildi.

Meva-sabzavotchilik va chorvachilik, foydali qazilmalarni qazib olish va qayta ishlash, to‘qimachilik sanoati va qurilish sohalarida yangi loyihalarni amalga oshirish istiqbollari har tomonlama va konstruktiv tarzda ko‘rib chiqildi.

Sog‘liqni saqlash sohasiga alohida e’tibor qaratildi. Jumladan, tashhis qo‘yish, o‘quv va ilmiy-tadqiqot bo‘limlarini birlashtirgan ko‘p tarmoqli tibbiyot muassasalari va tibbiy klasterlarni tashkil etish, shuningdek tibbiy xizmatlarni raqamlashtirish sohasida hamkorlik qilish to‘g‘risida dastlabki kelishuvlarga erishildi.

O‘zbekiston tijorat banklarini xususiylashtirishda Saudiya Arabistoni banklari vakillarining ishtirok etishi orqali ular bilan hamkorlik qilish imkoniyatlari muhokama qilindi.

Shuningdek, O‘zbekiston va Saudiya Arabistoni o‘rtasida yo‘lovchi va yuk aviatashuvlari hajmini oshirish chora-tadbirlari ko‘rib chiqildi.

Tomonlar yaqin kelajakda qat’iy kelishuvlarga erishish va tegishli bitimlarni imzolash maqsadida rahbar va ekspertlar darajasida yaqin hamkorlik va muzokaralarni davom ettiradilar.