Bayroq

O‘zbekiston bayrog‘i (rasmiy atalishi: O‘zbekiston Respublikasining Davlat bayrog‘i) — O‘zbekiston gerbi va O‘zbekiston madhiyasi kabi O‘zbekiston Respublikasining rasmiy davlat ramzi sanaladi. 1991 yil 31 avgustdaO‘zbekiston Respublikasi o‘z mustaqilligini e’lon qilganidan so‘ng 1991 yilning 18 noyabrida[1] O‘zbekiston Respublikasi Oliy Kengashining 8-sessiyasida Oʻzbekiston Respublikasi Davlat bayrogʻi toʻgʻrisidagi qonun qabul qilingan.

Taʼrifi

O‘zbekiston Respublikasining Davlat bayrog‘i to‘g‘ri to‘rtburchak shakldagi matoda aks etgan bo‘lib, uchta asosiy gorizontal rangdor bo‘laklarga bo‘lingan. Ular: yorqin moviy, oq, yorqin yashil. Bu bo‘laklar orasini ikkita qizil rangdagi gorizontal chiziqlar ajratib turadi.

Oʻzbekiston Respublikasining Davlat bayrogʻi ramzi mamlakat hududida ilgari mavjud boʻlgan gʻoyat qudratli saltanatlar bayroqlariga xos boʻlgan eng yaxshi anʼanalarni davom ettirgan holda respublika tabiatiga xos xususiyatlarni, xalqimizning milliy va madaniy oʻzligini ham aks ettiradi.

Bayroqdagi havorang — zangori osmon va musaffo suv ramzidir. Moviy — lojuvard — havorang Sharqda azaldan qadrlanadi, vaqtida buyuk Amir Temur ham oʻz bayrogʻiga bu rangni tanlagan.

Oq rang — tinchlik va poklik timsolidir. Yosh mustaqil davlat oʻz yoʻlida baland dovonlardan oshib oʻtishi kerak. Bayroqdagi oq rang Oʻzbekiston Respublikasi tanlagan yoʻlning musaffo va charogʻon boʻlishi uchun yaxshi niyat ramzidir.

Qizil yoʻllar — bu har bir tirik jonning qon tomirida urib turgan hayotiy kuch, hayot ramzidir.

Yashil rang — serneʼmat va orombaxsh tabiat timsoli. Hozirgi vaqtda butun dunyoda atrof-muhitni muhofaza qilish harakatlari keng yoyilmoqda; uning ramzi ham yashil rangdir.

Yarimoy — Oʻzbekiston xalqining koʻp asrlik anʼanalariga muvofiq keladi. Yarimoy va yulduzlar musaffo osmonning va tinchlikning ramzlaridir. Bayroqdagi 12 yulduz tasviri mukammallik belgisidir.