10 Iyul 2022

O‘zbekiston delegatsiyasi Markaziy Osiyo davlatlari bilan hamkorlikning 30 yilligiga bag‘ishlangan YTTB biznes-forumida ishtirok etdi

Londonda O‘zbekiston delegatsiyasi Investitsiyalar va tashqi savdo vazirligi (ITSV) rahbariyati ishtirokida Yevropa tiklanish va taraqqiyot banki (YTTB) tomonidan bankning Markaziy Osiyo mamlakatlari bilan hamkorligi 30 yilligi munosabati bilan tashkil etilgan  biznes-forumda ishtirok etdi.

ITSV maʼlumotlariga koʻra, tadbirda YTTB prezidenti Odil Renaud-Basso, Qozogʻiston, Qirgʻiziston va Tojikiston hukumatlari aʼzolari, ekspert va ishbilarmon doiralar vakillari ham ishtirok etgan.

Tadbir davomida YTTBning so‘nggi 30 yil davomida Markaziy Osiyo mintaqasi mamlakatlari bilan o‘zaro hamkorligi haqida umumiy ma’lumot berildi, shuningdek, mamlakatlar kontekstida sheriklik munosabatlarini yanada rivojlantirish istiqbollari ko‘rib chiqildi.

Bank rahbariyati Markaziy Osiyo YTTB investitsiya siyosatida alohida ustuvorlik kasb etishini ta’kidladi, shuningdek, mintaqaning barcha davlatlari bilan o‘zaro manfaatli hamkorlikni mustahkamlash tarafdorligini bildirdi. YTTB energetika, suv ta’minoti, transport, logistika va boshqa sohalardagi yirik infratuzilma loyihalarini moliyalashtirishda davom etadi. Mintaqaviy aloqalarni mustahkamlash, transport-logistika kommunikatsiyalarini kengaytirishga qaratilgan loyihalarga e’tibor kuchaytiriladi.

Shuningdek, mintaqa davlatlarining ijtimoiy-iqtisodiy rivojlanishiga salmoqli hissa qo‘shadigan barqaror rivojlanish va yashil energiya loyihalarini amalga oshirishga sarmoyalarni ko‘paytirishga tayyor ekanliklari ma’lum qilindi.

Forumda O‘zbekiston bilan hamkorlik so‘nggi yillarda misli ko‘rilmagan sur’atlarda kengayib borayotgan istiqbolli hamkorlardan biri sifatida alohida e’tibor qaratildi. Shu nuqtai nazardan YTTB Boshqaruvchilar kengashining navbatdagi 32-yillik yig‘ilishi 2023-yilda O‘zbekistonda, Samarqand shahrida bo‘lib o‘tishi bejiz emas.

O‘z navbatida, Markaziy Osiyo mamlakatlari vakillari YTTB bilan hamkorlikning bugungi holati va istiqbollari, ishbilarmonlik muhitini yaxshilash bo‘yicha ko‘rilayotgan chora-tadbirlar, mavjud investitsiya imkoniyatlari va yirik infratuzilma loyihalari haqida ma’lumot berdilar.