28 Mart 2022

YeTTB va O‘zbekiston ko‘p qirrali hamkorlikni kengaytirishga intilmoqda

Joriy yilning 22-mart kuni O‘zbekiston Respublikasi Bosh vazirining o‘rinbosari – investisiyalar va tashqi savdo vaziri S.Umurzakov hamda Toshkent xalqaro investisiya forumida ishtirok etish uchun mamlakatimizga kelgan Yevropa tiklanish va taraqqiyot banki Prezidenti Odil Reno-Basso o‘rtasida uchrashuv bo‘lib o‘tdi. Bu uning Bank rahbari sifatida O‘zbekistonga ilk tashrifidir.

Uchrashuv chog‘ida YeTTB va O‘zbekiston o‘rtasida ustuvor yo‘nalishlardagi hamkorlikning hozirgi holati va uni chuqurlashtirishning istiqbollari muhokama qilindi.

Xususan, xususiy sektorni rivojlantirishni qo‘llab-quvvatlash, mintaqaviy va xalqaro hamkorlikni kengaytirish, mamlakat iqtisodiyotining barcha tarmoqlarida ekologik toza energiya va resurslarga doir yechimlarini ilgari surishdan iborat bo‘lgan YeTTBning 2018-2023-yillarga mo‘ljallangan Mamlakatlar strategiyasini amaliyotga joriy qilish bo‘yicha navbatdagi tadbirlar ko‘rib chiqildi.

Investisiyaviy hamkorlikning joriy holati o‘rganildi. Hozirgi kunda YeTTB moliyaviy resurslarini jalb qilgan holda O‘zbekistonda amalga oshirilayotgan loyihalar portfelining umumiy qiymati 1,7 mlrd. yevroga teng 57 ta loyihadan iborat. Tomonlar joriy loyihalarni ilgari surishni jadallashtirish bo‘yicha keyingi qo‘shma harakatlarni muhokama qildilar, shuningdek, Toshkent xalqaro investisiya forumi doirasida imzolanishi rejalashtirilgan yangi loyihaviy tashabbuslarining muhim jihatlarini muhokama qildilar.

To‘qimachilik sanoatida kooperatsiyani faollashtirishga alohida e’tibor qaratildi. YeTTB Prezidenti “Cotton Campaign” xalqaro koalisiyasi tomonidan o‘zbek to‘qimachiligiga e’lon qilingan boykotni bekor qilinishini olqishlab, O‘zbekistonda loyihalarni amalga oshirishga xorijiy xususiy sektor kompaniyalarini jalb etish borasida ko‘maklashishga tayyorligini bildirdi.

Shuningdek, YeTTB Boshqaruvchilar Kengashining shu yil Marrokash shahrida bo‘lib o‘tadigan navbatdagi yillik yig‘ilishini o‘tkazish bilan bog‘liq masalalarga ham to‘xtalib o‘tildi. Uchrashuv doirasida O‘zbekistonning investisiyaviy istiqbollariga bag‘ishlangan alohida sessiyani tashkil etishga kelishib olindi. Unda xalqaro hukumat va ishbilarmon doiralar vakillari e’tiboriga mamlakatimizning tarmoqlar va hududlar kesimidagi investisiyaviy va iqtisodiy salohiyati to‘g‘risida ma’lumot taqdim etiladi.

Uchrashuv kun tartibida YeTTB faoliyatini O‘zbekiston hududlarida kengaytirish istiqbollariga alohida o‘rin berildi. Mamlakatning turli hududlarining iqtisodiy xususiyatlari va salohiyatidan kelib chiqqan holda 3 ta manzilli infratuzilma va sanoatni rivojlantirish rejalarini ishlab chiqish to‘g‘risida kelishuvga erishildi. Bunda tanlangan loyihalarni amalga oshirishda YeTTB tomonidan moliyaviy va texnik yordam ko‘rsatilishi nazarda tutiladi. Loyihalarni ishlab chiqish va tanlash Bank mutaxassislari tomonidan Investisiyalar va tashqi savdo vazirligi huzurida mamlakatning har bir hududida tashkil etilgan «loyiha guruhlari» bilan birgalikda amalga oshiriladi.

Shuningdek, ayollar tadbirkorligini qo‘llab-quvvatlash va rivojlantirish sohasida munosabatlarni chuqurlashtirish istiqbollari muhokama qilindi. YeTTB Prezidenti Bank tomonidan gender tengligi masalalarini hal etish bo‘yicha loyiha va dasturlarga investisiyalarni ko‘paytirish va ularning umumiy investisiya hajmidagi ulushini 40 foizgacha oshirishni rejalashtirayotganligini ma’lum qildi. Shu nuqtai nazardan, Bank rahbariyati “Ayollar biznesda” dasturini kengaytirish va ayollar tadbirkorligini rivojlantirish uchun mamlakatimiz tijorat banklariga maqsadli kredit liniyalari taqdim etish orqali O‘zbekistonda ayollarning huquq va imkoniyatlarini qo‘llab-quvvatlashni kuchaytirishga tayyorligini bildirdi.

Bundan tashqari, konstruktiv muloqot chog‘ida «yashil» energetika, tog‘-kon sanoati, transport va farmasevtika sohalarida hamkorlikni yanada chuqurlashtirish va qo‘shma loyihalar sonini ko‘paytirish masalalari ko‘rib chiqildi.

Uchrashuv yakunida muzokaralar chog‘ida muhokama qilingan qo‘shma dastur va tashabbuslarni ilgari surish bo‘yicha navbatdagi sa’y-harakatlar belgilandi.