09 Sentyabr 2022

Singapurda O‘zbekistonning iqtisodiy va sarmoyaviy imkoniyatlari taqdim etildi

O‘zbekiston elchixonasida Singapurning eng yirik “Food Empire” kompaniyasi ko‘magida “O‘zbekistonning zamonaviy iqtisodiy va sarmoyaviy salohiyati – Singapur kompaniyalari uchun yangi biznes imkoniyatlari” mavzusida taqdimot bilan davra suhbati o‘tkazildi, deb xabar beradi “Dunyo” axborot agentligi muxbiri.

Unda Singapurning “Food Empire”, “Tech Storm”, “Wine Tatler”, “Universal Integrated Corporation Consumer Products”, “Zero1”, “Oceanus Group”, “SCash”,» Power Hero», «Farquhar VC» kabi yigirmadan ortiq kompaniyalari rahbarlari, shuningdek, «Enterprise Singapore» davlat korporatsiyasining Evropa mamlakatlari bilan ishlash departamenti direktori o’rinbosari Ikai Yao ishtirok etdi.

Davra suhbati ishtirokchilariga O‘zbekistonning iqtisodiy va sarmoyaviy imkoniyatlari, yaratilgan qulay sarmoyaviy muhit, maxsus iqtisodiy zonalar, iqtisodiyotning strategik tarmoqlarida 620 ta yirik kompaniyaning xususiylashtirilishi, axborot texnologiyalari, ta’lim, sog‘liqni saqlash, telekommunikatsiya va qishloq xo‘jaligi sohalari hamda respublika iqtisodiyotining boshqa tarmoqlari, Singapur kompaniyalari uchun yangi biznes imkoniyatlari haqida batafsil ma’lumotlar berildi.

Davra suhbati doirasida axborot texnologiyalari, telekommunikatsiya sohasi, O‘zbekistonning elektron hukumat tizimi rivojlanishiga bag‘ishlangan multimedia taqdimotlari va videofilm namoyish etildi, ishtirokchilarni qiziqtirgan savollarga atroflicha javob qaytarildi.

Davra suhbati yakunida, shuningdek, Singapur kompaniyalari rahbarlarining so‘rov va qiziqishlaridan kelib chiqqan holda, tegishli vazirlik, respublika idoralari va O‘zbekiston kompaniyalari bilan onlayn muzokaralar tashkil etish, hamkorlikni yoʻlga qoʻyish, shuningdek, Oʻzbekistonning sanoat tashkilotlari va kompaniyalari bilan oʻrganish va hamkorlik aloqalarini oʻrnatish uchun oʻzaro kelishilgan shartlarda Singapur kompaniyalarining Oʻzbekistonga tashriflarini tashkil etish bo‘yicha kelishuvga erishildi.