13 Avgust 2019

Fiat O’zbekistonda uchta modelini chiqarishni rejalashtirmoqda

Italiya-Amerika avtomobil konserni Fiat Chrysler Automobiles (FCA) O’zbekistonda uchta modelni ishlab chiqarishni rejalashtirmoqda. Bu haqda kompaniya vitse-prezidenti Yussef Xajasga tayanib, “Taxlilnoma” xabar bermoqda.

Ishlab chiqarilgan avtomobillar soni bo’yicha FCA avtomobil ishlab chiqaruvchilar orasida yettinchi o’rinni egallaydi. Bosh kompaniya Gollandiyada ro’yxatga olingan, qarorgohi Londonda joylashgan. FCA 2014 yilda Italiyaning Fiat xoldingi Amerikaning Chrysler kompaniyasini sotib olishi natijasida paydo bo’ldi.

«O’zbekistonning avtomobilsozlik sanoatini diversifikatsiya qilish va texnologik darajasini oshirish bo’yicha ko’rayotgan choralari doirasida, FCA respublikada xorijiy investitsiyalarni jalb qilgan holda avtomobilsozlik korxonasini tashkil etish orqali sanoat kooperatsiyasini yo’lga qo’yishdan manfaatdor», dedi Xajas.

O’zbekistonda qo’shma korxona tashkil etish bo’yicha qo’llanma sifatida Turkiyada FCA tomonidan ilgari surilgan Tofas loyihasini amalga oshirish taklif qilingan.

Shuningdek, kompaniya vitse-prezidentining so’zlariga ko’ra, Fiat brendi ostida Tipo, Fiorino va Doblo modellarini ishlab chiqaradigan ikkinchi korxona tashkil etish uchun O’zbekiston afzalroq joy deb hisoblanadi.

Bundan tashqari, 2021 yilda Tofas krossoverlar va kelgusida O’zbekistonda ishlab chiqarilishi mumkin bo’lgan pikap modellarini ishlab chiqarishni rejalashtirmoqda.