13 May 2022

Germaniya bozori o‘zbek to‘qimachik sanoati uchun ochilmoqda

To‘qimachilik mahsulotlari ishlab chiqaruvchi kompaniyalar vakillaridan iborat O‘zbekiston delegatsiyasi Frankfurt-Mayn (Germaniya)ga bordi.

Ishchi safari dasturi doirasida O‘zbekistonning Berlindagi elchixonasi ko‘magida Germaniya va Yevropaning yirik brendlari bilan biznes uchrashuvlar tashkil etildi.

Xususan, 11-may kuni o‘zbek tadbirkorlarining Germaniyaning yirik moda kompaniyalaridan biri – «S.Oliver Bernd Freier GmbH&Co.KG»  menejerlari bilan uchrashuvi bo‘lib o‘tdi. Ushbu nemis kompaniyasi 1969-yilda tashkil etilgan. Kompaniya kiyim-kechak, poyabzal, aksessuarlar va parfyumeriya mahsulotlarini ishlab chiqaradi va ularni butun dunyo bo‘ylab sotadi. «S.Oliver Bernd Freier GmbH&Co.KG»ning yillik tovar aylanmasi 1,5 milliard yevrodan ortiqni tashkil qiladi.

Germaniya tomoniga O‘zbekiston to‘qimachilik sanoatining salohiyati, jumladan, mahalliy tikuvchilik va trikotaj sohalarining zamonaviy yutuqlari va klaster tizimini rivojlantirish bo‘yicha ko‘rilayotgan chora-tadbirlar  haqida ma’lumot berildi.

Uchrashuv davomida «Baxt tekstil» va «Xaj-teks klaster» korxonalari vakillari «S.Oliver Bernd Freier GmbH&Co.KG» xodimlari  bilan biznes muzokaralar o‘tkazdi. Muzokaralar davomida O‘zbekistonda ushbu kompaniya brendi ostida mahsulotlarni tikish uchun hamkorlik o‘rnatish va buyurtmalarni joylashtirish imkoniyati  muhokama qilindi.

Germaniya vakillari O‘zbekistonda to‘qimachilik sanoatida amalga oshirilayotgan islohotlar va mamlakat iqtisodiyotini erkinlashtirish bo‘yicha ko‘rilayotgan chora-tadbirlarni yuqori baholadi. O‘zbek paxtasiga xalqaro boykotning bekor qilinishi va mamlakatda biznes yuritish uchun yaratilgan qulay shart-sharoitlar Germaniya, shu jumladan, Yevropa kompaniyalari uchun O‘zbekistonni o‘z ishlab chiqarish liniyalarini joylashtirishning istiqbolli bozori deb bilishi uchun katta imkoniyatlar ochib berishi ta’kidlandi. Eng muhimi, buning uchun barcha zarur shartlar mavjud. Malakali yosh kadrlar, yuqori sifatli xom-ashyo va ishlab chiqarish xarajatlarining nisbatan arzonligi, xalqaro investorlarga davlat tomonidan taqdim etilayotgan soliq va boshqa imtiyozlar ustunlik bermoqda.

Uchrashuv yakunida tomonlar biznes hamkorlikning asosiy yo‘nalishlari, Germaniya kompaniyasining pudratchilarga bo‘lgan talablari, ularning ish sharoitlarini tahlil qildi. Tomonlar o‘zaro manfaatli sheriklikni o‘rnatish bo‘yicha aniq biznes takliflarni tayyorlash bo‘yicha kelishuvga erishdi.

O‘zbekiston delegatsiyasi, shuningdek, Germaniyaning «Dibella», «Bimeco», «Florett Textil» «Florett Textil»  kompaniyalari va «Lidl» chakana savdo tarmog‘i menejerlari bilan uchrashuv o‘tkazdilar, shuningdek, Germaniyaning yetakchi to‘qimachilik sanoati mashinalari ishlab chiqaruvchilari faoliyati bilan tanishuv ham rejalashtirilgan.