04 Fevral 2020

O‘zbekiston Prezidenti AQSh Davlat kotibini qabul qildi

O‘zbekiston Respublikasi Prezidenti Shavkat Mirziyoev 3 fevral’ kuni mamlakatimizda rasmiy tashrif bilan bo‘lib turgan Amerika Qo‘shma Shtatlari Davlat kotibi Maykl Richard Pompeoni qabul qildi.

Prezident Shavkat Mirziyoev keyingi yillarda barqaror, tizimli tus olgan va o‘zaro ishonchga asoslangan ko‘p qirrali O‘zbekiston-AQSh munosabatlari izchil rivojlanib borayotganini katta mamnuniyat bilan qayd etdi.

Konstruktiv, shu jumladan mintaqaviy va xalqaro ahamiyatga molik masalalar bo‘yicha siyosiy muloqot yo‘lga qo‘yildi. Savdo-iqtisodiy, investisiyaviy, texnologik, moliyaviy, agrar, energetik, ta’lim, huquqni himoya qilish va madaniy-gumanitar sohalardagi hamkorlik kengaymoqda.

Keyingi bir necha yil davomida tovar ayirboshlash hajmi ikki barobar ko‘paydi. AQShning yetakchi kompaniyalari ishtirokida mamlakatimiz iqtisodiyotining turli tarmoqlarida istiqbolli loyihalar amalga oshirilmoqda. Amerika investisiyalarining umumiy hajmi 1 milliard dollardan oshdi. 

AQSh tomoni O‘zbekistonning mustaqilligi, suvereniteti va hududiy yaxlitligini doimo qo‘llab-quvvatlashda qat’iy ekanini yana bir bor tasdiqladi.

Maykl Pompeo O‘zbekiston Prezidenti tomonidan mamlakatda olib borilayotgan demokratik yangilanishlar va iqtisodiy islohotlarning natijadorligini yuksak baholadi.

Maykl Pompeo bugungi kunda mamlakatimizda savdo-iqtisodiy hamkorlik ko‘lamini bir necha o‘n karra oshirish imkonini beradigan biznes tashabbuslari uchun keng imkoniyatlar mavjud ekanini ta’kidladi.

Bundan tashqari, AQSh mamlakatimizning Jahon savdo tashkilotiga kirish jarayonini jadallashtirishga har tomonlama ko‘maklashishi ta’kidlandi.

Uchrashuv so‘ngida O‘zbekiston Respublikasi va Amerika Qo‘shma Shtatlari o‘rtasidagi strategik sheriklik va amaliy hamkorlik munosabatlarini har tomonlama mustahkamlashga ikki tomonning intilishi qat’iy ekani ta’kidlandi.