13 Dekabr 2019

Davlat aktivlarini samarali boshqarish masalalari muhokama qilindi

O‘zbekiston Respublikasi Prezidenti Shavkat Mirziyoev 11 dekabr’ kuni davlat ishtirokidagi korxonalarni isloh qilish natijadorligi va bu yo‘nalishdagi ustuvor vazifalarga bag‘ishlangan yig‘ilish o‘tkazdi. 

Tahlillarga ko‘ra, bugungi kunda mamlakatimizda 2819 ta davlat ishtirokidagi korxonalar mavjud. Ularning aksariyati eski usulda, unumsiz ishlagani sababli hatto dividend to‘lay olmaydi.

– Davlat ishtirokini hech zarurat bo‘lmagan sohalarda ham saqlab turibmiz. Davlat korxonalarini boshqarish, faoliyati samarasini oshirish, ularning funksiyalarini xususiy sektorga berish bo‘yicha hali sezilarli o‘zgarishlar bo‘lmadi, – dedi Shavkat Mirziyoev.

Shu bois, yig‘ilishda 2020 yilda davlat ishtirokidagi korxonalarni boshqarish bo‘yicha yangi vazifalar belgilandi.

Avvalo, bunday korxonalarni isloh qilish yoki tugatish, saqlash yoki xususiy sektorga berish masalasini o‘rganish bo‘yicha Bosh vazir, uning o‘rinbosarlari va maslahatchilari boshchiligida ishchi guruhlar tashkil etildi.

Ko‘plab kompaniyalarimiz moliyaviy hisobot yuritish, ichki nazorat va audit o‘tkazish, boshqaruvga mustaqil a’zolarni kiritish kabi masalalarda oqsayotgani ko‘rsatib o‘tildi.

Mutasaddilarga mazkur kompaniyalarda korporativ boshqaruvni keng joriy etish, bazaviy sohalardagi 32 ta yirik korxonani isloh qilishni jadallashtirish bo‘yicha topshiriqlar berildi.

Samaradorlikning muhim ko‘rsatkichlari – KPI (Key Performance Indicators) har bir korxonada ishlab chiqilishi va muntazam nazorat qilinishi lozimligi ta’kidlandi.

Xususiylashtirishga oid yondashuvlarni tubdan yangilash, xalqaro ekspertlarni jalb etib, bu borada bozor iqtisodiyotiga xos va mos tizimga o‘tish zarurligi ta’kidlandi.

Xususiylashtirish va korporativ boshqaruv bo‘yicha mutaxassislar tayyorlash hamda malakasini oshirish, davlat ishtirokidagi korxonalar rahbarlarini shu borada o‘qitish muhimligi qayd etildi.