30 Avgust 2019

Jizzax viloyatida II Xalqaro investision forumi bo‘lib o‘tdi

Joriy yilning 29 avgust kuni Jizzax viloyatida II Xalqaro investision forumi bo‘lib o‘tdi. Investisiyalar va tashqi savdo vazirligi tomonidan Jizzax viloyati hokimiyati bilan hamkorlikda tashkil etilgan mazkur forumda respublikamizning vazirlik va idoralari rahbarlari, mahalliy va xorijiy ishbilarmon doiralar vakillari, xorijiy diplomatik vakolatxonalar, xalqaro tashkilotlar va moliyaviy institutlarning rahbarlari, shuningdek ommaviy axborot vositalari vakillari qatnashdi.

Shuningdek, forumda Rossiya Federatsiyasining sanoat va savdo vazirining o‘rinbosari A.Gruzdev boshchiligidagi katta delegasiya ishtirok etdi.

Forumning ochilish marosimida Investisiyalar va tashqi savdo vaziri S.Umurzakov kirish so‘zi bilan chiqib, hukumat tomonidan barqaror va farovon bozor iqtisodiyotini barpo etish va rivojlantirish, yanada ko‘proq chet el investisiyalarni jalb kilish va makroiqtisodiy barqarorlikni o‘sishiga qaratilgan barcha chora-tadbirlarning nafaqat muhimligini balki samaradorligini ta’kidlab o‘tdi.

Ta’kidlandiki, hozirgi paytda Jaxon savdo tashkilotiga kirish jarayonini faollashtirishda sezilarli yutuqlarga erishildi, foydani repatriasiya qilish bo‘yicha barcha cheklovlar olib tashlandi, ko‘plab mamlakatlar bilan vizasiz rejim joriy etildi.

Shuningdek, xususiylashtirish jarayonlarini jadallashtirish bo‘yicha qaror qabul qilinishi respublikaga xorijiy investorlarni jalb qilishda muhim qadam bo‘lib, unda investorlarga yirik aksiyadorlik jamiyatlari va respublika banklarining ustav kapitalidagi davlat ulushlari taklif etiladi.

Ma’ruzada mintaqaning kimyo va neft kimyosi, tog‘-kon sanoati, to‘qimachilik, qishloq xo‘jaligi, farmasevtika, elektrotexnika va mashinasozlik kabi sohalardagi keng sanoat va investisiya imkoniyatlari to‘g‘risida so‘z yuritildi.

Ushbu mintaqaning o‘ziga xos afzalligi sifatida, maxsus soliq rejimiga va bojxona imtiyozlariga ega ikkita erkin iqtisodiy zonalar – «Jizzax» EIZ va «Zamin-farm» EIZlar taqdim etildi.

Forum doirasida panel’ muxokamalari, interfaol sessiyalar, Jizzax viloyatida ishlab chiqarilgan tovarlar va xizmatlar ko‘rgazmasi bo‘lib o‘tdi, shuningdek, aniq biznes tashabbuslar doirasida hamkorlik bitimlari imzolandi.

Forum yakuni bilan umumiy miqdori 1 mlrd.dollardan ortiq investisiya kelishuvlari va eksport shartnomalari imzolanishi kutilayapti.

 

Manba: Investitsiyalar va tashqi savdo vazirligining matbuot xizmati