26 Aprel 2022

INNOPROM-2022: Markaziy Osiyo – texnologik jihatdan keskin rivojlanish makoni

Joriy yilning 25-aprel kuni “Innoprom. Markaziy Osiyo” Xalqaro sanoat ko‘rgazmasi o‘z ishini boshladi. Bu mintaqada investisiyaviy, sanoat va savdo-iqtisodiy hamkorlikni faollashtirish, shuningdek, yangi ishbilarmonlik aloqalarini o‘rnatish hamda Markaziy Osiyo mamlakatlari korxonalari o‘rtasida sanoat kooperatsiyasini rivojlantirishga qaratilgan eng yirik tadbirdir. O‘zbekiston Respublikasi Investisiyalar va tashqi savdo vazirligi hamda Rossiya Federatsiyasi Sanoat va savdo vazirligi tadbir tashkilotchilaridir.

Ko‘rgazmaning asosiy maqsadi investisiyaviy, sanoat, savdo-iqtisodiy hamkorlikning o‘sishiga yangi turtki berish uchun mushtarak manfaatlar kesishadigan nuqtalarini kashf etish, shuningdek, o‘zaro manfaatli loyihalar sonini ko‘paytirish maqsadida hududlar va mamlakatlar o‘rtasida muloqot o‘rnatishdir.

Bu yil ko‘rgazmada qatnashish uchun MDH mamlakatlari, Fransiya, Italiya, Gollandiya, Hindiston, Irlandiya va Yaponiyadan 5000 dan ortiq ishtirokchilar, 200 dan ko‘proq xorijiy kompaniyalar va biznes delegasiyalari ro‘yxatdan o‘tdilar. Shuningdek, Rossiya Federatsiyasi, Tojikiston, Belorussiya, Qirg‘iziston Respublikasi, Ozarbayjon, Turkmaniston va Mo‘g‘ulistondan rasmiy delegasiyalar ham tashrif buyurdi.

Ko‘rgazmaning birinchi kunidagi muhim voqea “Markaziy Osiyo: texnologik jihatdan keskin rivojlanish makoni” shiori ostida o‘tkazilgan asosiy yalpi majlis bo‘ldi. Unda ishtirokchi mamlakatlar delegasiyalari rahbarlari, xususan, O‘zbekiston Respublikasi Bosh vazirining o‘rinbosari – investisiyalar va tashqi savdo vaziri S.Umurzakov, Rossiya Federatsiyasi sanoat va savdo vaziri D.Manturov, Belarus’ Respublikasi sanoat vaziri P.Parxomchik, Qirg‘iziston Respublikasi iqtisodiyot va savdo vaziri D.Amangeldiev, Armaniston Respublikasi iqtisodiyot vaziri V.Kerobyan, Tojikiston Respublikasi sanoat va yangi texnologiyalar vaziri Sh.Kabirov va boshqa rasmiylar qatnashdi.

Yalpi majlisda so‘zga chiqqan O‘zbekiston delegasiyasi rahbari S.Umurzakov O‘zbekiston tomonidan keng ko‘lamli ijtimoiy-iqtisodiy islohotlarni amalga oshirish, davlat boshqaruvi tizimini takomillashtirish, shaffof bozor iqtisodiyotini shakllantirish va unda xususiy sektorning rolini oshirish, investisiyaviy muhitni yaxshilash va savdo to‘siqlarini bartaraf etish borasida erishilgan yutuqlarni sanab o‘tdi. Shuningdek, u mamlakatning iqtisodiy va investisiyaviy salohiyatini yanada rivojlantirishning ustuvor yo‘nalishlari haqida fikr yuritdi. Ular qatoriga samarali ma’muriy islohotlarni amalga oshirish, iqtisodiyotda davlat ulushini qisqartirish, sanoatni raqamlashtirish, biznesni qo‘llab-quvvatlash, infratuzilmani rivojlantirish, xom ashyoni chuqur qayta ishlash hamda to‘liq tovar va xom ashyo zanjirlarini yaratish orqali yuqori qo‘shimcha qiymatga ega mahsulotlarni ishlab chiqarishni rag‘batlantirish, inson kapitalini rivojlantirish va tashqi savdoni erkinlashtirish ham kiradi.

“Markaziy Osiyo davlatlari savdo-iqtisodiy aloqalarni kengaytirishning ulkan salohiyatiga ega. Bugungi voqelik bizdan Markaziy Osiyoda iqtisodiy hamkorlikning yangi modelini shakllantirish bo‘yicha qat’iy qadamlar qo‘yishni talab etmoqda. Bizning iqtisodiy hamkorligimizning ko‘lami ancha kengroq bo‘lishi va bir-birini to‘ldirib, samarali kooperatsiya asosida rivojlanishi mumkin. Biz O‘zbekistonda bir necha yillardan buyon Markaziy Osiyodagi har bir qo‘shni davlat va boshqa bir qator davlatlar bilan doimiy ravishda iqtisodiyotlarimiz imkoniyatlarini birlashtirish va sanoat kooperatsiyasi yo‘nalishida keskin rivojlanishga erishish uchun “o‘sish nuqtalarini” topish maqsadida ish olib bormoqdamiz”, – dedi S.Umurzakov o‘z nutqida.

O‘z navbatida, Rossiya Federatsiyasi sanoat va savdo vaziri D.Manturov bu yilgi ko‘rgazmaning xalqaro va iqtisodiy jihatdan rivojlanishga yo‘naltirilganligini ta’kidladi. “Innoprom” so‘zi o‘zida bugungi kunda jahon miqyosidagi sanoat hamkorligiga kooperatsiya aloqalari qanchalik kirib borishi kerakligini belgilaydi. “Innoprom” – bu xalqaro sanoat kooperatsiyasi degani. Bu siyosiy emas, balki mamlakatlarimiz iqtisodiyotlarini rivojlantirish uchun asos bo‘la oladigan, yangi kooperatsiya aloqalarini joriy etayotgan iqtisodiy va amaliy platformadir”, dedi u.

Sessiya doirasida ishtirokchilar sanoat kooperatsiyasi va iqtisodiy hamkorlikni yanada rivojlantirish nuqtai nazaridan fikr almashdilar va mushtarak manfaatlar kesishadigan nuqtalarni belgilab, kelgusida birgalikda ish olib borish uchun aniq taklif va tashabbuslarni bildirdilar.

Ko‘rgazma o‘z ishini 26 va 27-aprel kunlari davom ettiradi. Uning dasturi doirasida yangi texnologiyalarni joriy qilish, hududiy sanoat siyosatini muvofiqlashtirish va amalga oshirish, sanoat rivojlanishini rag‘batlantirish, shahar muhitini yaxshilash, ishlab chiqarish, raqamlashtirish va avtomatlashtirish yo‘nalishlarida kooperatsiya mexanizmlarini shakllantirish, qo‘shma loyihalarni amalga oshirish uchun innovasion moliyaviy mahsulotlar joriy qilish, shuningdek, mintaqa mamlakatlari o‘rtasida iqtisodiy hamkorlikni chuqurlashtirish yuzasidan davlat tomonidan qo‘llab-quvvatlashning tajriba va tasdiqlangan amaliyotlari almashinuvi borasida xalqaro hamkorlik masalalarini muhokama qilishga bag‘ishlangan panel’ munozaralari va alohida mavzular bo‘yicha sessiyalar bo‘lib o‘tishi rejalashtirilgan.

Xalqaro ko‘rgazma doirasida O‘zbekistonning turli tarmoqlarining investisiyaviy va sanoat salohiyatining taqdimotlari, sanoat ishlab chiqarish va Markaziy Osiyo mamlakatlari bilan hamkorlikning asosiy masalalarini qamrab olgan o‘quv sessiyalari va boshqa tadbirlar, shuningdek V2V aloqalar birjasi tashkil etiladi. Ayrim tadbirlar O‘zbekiston hududlari ma’muriyatlari va ko‘rgazmada qatnashayotgan mamlakatlarning sanoat kompaniyalari o‘rtasida munosabatlarni o‘rnatishga qaratilgan. Ko‘rgazmada namoyish etayotgan innovasion sanoat ishlanmalari va yirik ishlab chiqaruvchilarning mahsulotlari, bir qator milliy, mintaqaviy va korporativ stendlar aynan shu nuqtai nazardan barcha imkoniyatlar ko‘lamini o‘zida aks etadi.