09 Iyun 2020

“Masdar” kompaniyasi bilan investisiya bitimi imzolandi

Qayta tiklanuvchi energiya manbalarini rivojlantirish bo‘yicha yetakchi xalqaro kompaniyalardan biri hisoblangan “Masdar” (BAA) kompaniyasi Navoiy viloyatida quvvati 500 MVtga teng bo‘lgan dunyodagi eng yirik shamol elektro stansiyalaridan birini quradi.

Amirliklardagi kompaniya va Investisiyalar va tashqi savdo vazirligi o‘rtasidagi investisiya bitimini imzolash marosimi bugun, 2020 yilning 8 iyun kuni bo‘lib o‘tdi, unga ko‘ra “Masdar” kompaniyasi shamol elektro stansiyasini loyihalash, moliyalashtirish, qurish va ekspluatasiya qilishni ta’minlaydi.

Bu mazkur kompaniya tomonidan O‘zbekiston Respublikasida amalga oshirilayotgan ikkinchi yirik loyiha – “Masdar” o‘tgan yilning oktyabr’ oyida davlat – xususiy sheriklik asosida Navoiy viloyatida 100 MVt quvvatga ega quyosh elektro stansiyasini qurish bo‘yicha tender savdolarida g‘olib deb e’lon qilingan edi. Mazkur loyihani amalga oshirish bo‘yicha tegishli shartnomalar 2020 yilning yanvar’ oyida imzolangan edi.

Shamol elektro stansiyasi qurilishi va kelgusida undan foydalanilishi mamlakat iqtisodiyotiga ijobiy ta’sir ko‘rsatadi.

Birinchi navbatda, bu 600 mln dollardan ortiq miqdorda to‘g‘ridan – to‘g‘ri xorijiy investisiyalarni loyihaga jalb qilish bo‘lib, qurilish bosqichida ham, undan keyingi foydalanishda ham 1300 ta yangi ish o‘rinlarining yaratilishidir.

Shamol elektro stansiyasi yiliga 500 000 dan ortiq uy xo‘jaliklari iste’moliga teng bo‘lgan 1,9 gVt/s maqbul va arzon elektr energiyasini ishlab chiqarish hisobiga respublika energiya muvozanatini diversifikasiya qiladi va mustahkamlaydi.

Qayta tiklanuvchi energiya manbalarining zamonaviy texnologiyalarini joriy etish, shuningdek, elektr energiyasini ishlab chiqarish uchun ishlatiladigan tabiiy gaz hajmini (yiliga 175 mln kub. metrgacha) eksportga va sanoat korxonalarining ehtiyojlariga yo‘naltirish uchun kamaytiriladi hamda – juda muhim jihati – atmosferaga karbonat angidrid chiqarib tashlashni sezilarli darajada kamaytiradi (yiliga 1,1 mln tonnaga).

Qurilish ishlarini joriy yilning oxirigacha boshlab, birinchi navbatdagi generatsiya quvvatlarini (250 MVt gacha) 2022 yilning o‘rtalarida va barcha quvvatlarni 2023 yilda foydalanishga topshirish rejalashtirilgan.