07 May 2020

To’qimachilik kompaniyalari qo’llab-quvvatlanadi

«To‘qimachilik va tikuv-trikotaj sanoatini qo‘llab-quvvatlashga doir kechiktirib bo‘lmaydigan chora-tadbirlar to‘g‘risida»gi prezident qarori qabul qilindi.

Hujjatga muvofiq, 2020 yil 1 maydan 31 dekabrga qadar qo‘shilgan qiymat solig‘ini (QQS) qaytarishning soddalashtirilgan tartibi amal qiladi, unga ko‘ra, kalava va toladan tashqari, eksport qilinadigan to‘qimachilik va tikuv-trikotaj tovarlari (xizmatlari) uchun foydalanilgan, haqiqatda olingan tovarlar (xizmatlar) bo‘yicha to‘lanishi lozim bo‘lgan (to‘langan) QQS to‘qimachilik va tikuv-trikotaj sanoati korxonasining O‘zbekiston Respublikasi tijorat banklaridagi hisob raqamiga kelib tushgan valuta tushumi summasidan qat’i nazar hisobga olinadi hamda eksport qiluvchining o‘rnatilgan tartibda beriladigan arizasiga asosan qaytarilishi shart.

Bunda, QQSning qaytarilgan summasi yoki uning bir qismi tovarlar eksport bojxona rejimi ostida chiqarilgan kundan e’tiboran valuta tushumi yoki uning bir qismi bir yuz sakson kalendar kuni ichida eksport qiluvchining O‘zbekiston Respublikasi tijorat banklaridagi hisob raqamiga kelib tushmagan taqdirda, shuningdek, arizada qaytarilishi ko‘rsatilgan QQS summasi asoslantirilganligini kameral soliq tekshiruvidan o‘tkazish davomida aniqlangan g‘ayriqonuniy hisobga olingan QQS summasi 5 kun ichida penya hisoblangan holda Davlat budjetiga qaytarilishi shart.

QQSning mazkur band bilan belgilangan soddalashtirilgan tartibi to‘qimachilik va tikuv-trikotaj korxonalariga ular tomonidan oxirgi 12 oy davomida tovarlar eksporti amalga oshirilgan, shuningdek, eksport qilingan tovarlar bo‘yicha 10 ming AQSh dollaridan ko‘p miqdorda muddati o‘tgan debitor qarzdorlik mavjud bo‘lmagan taqdirda tatbiq etiladi. 

Bunda, tovarlar eksport bojxona rejimi ostida chiqarilgan kundan e’tiboran valuta tushumi bir yuz sakson kalendar kuni ichida eksport qiluvchining O‘zbekiston Respublikasi tijorat banklaridagi hisob raqamiga kelib tushmagan taqdirda, debitor qarzdorlik muddati o‘tgan deb hisoblanadi.

Manba: Kun.uz