10 Sentyabr 2022

Mubadala va TAQA Tolimarjon issiqlik elektr stansiyasini modernizatsiya qilishga investitsiya kiritadi

2022-yil 9-sentabr kuni Toshkent shahrida Tolimarjon IESga Birlashgan Arab Amirliklarining Mubadala va TAQA kompaniyalari tomonidan yirik sarmoya kiritishni nazarda tutuvchi shartnomalarni imzolash marosimi bo‘lib o‘tdi. Bu O‘zbekistondagi eng yirik elektr stansiyasini modernizatsiya qilish va quvvatlarini kengaytirishni davom ettirish imkonini beradi.

Marosimda BAA – Energetika va infratuzilma vaziri Suhayl al-Mazrui hamda Mubadala va TAQA rahbarlari ishtirok etdi. Oʻzbekiston tomonidan Oʻzbekiston Respublikasi Bosh vaziri oʻrinbosari – investitsiyalar va tashqi savdo vaziri Jamshid Xoʻjayev, Energetika vazirligi, “Milliy elektr tarmoqlari va issiqlik elektr stansiyalari” aksiyadorlik jamiyatlari rahbarlari ishtirok etdi.

Imzolangan shartnomalarda Tolimarjon IESni boshqaradigan qo‘shma korxona tashkil etish ko‘zda tutilgan. Amirlik kompaniyalari sarmoyalari kapitali 300 million dollar boʻlgan qoʻshma korxona ustav kapitalidagi 80 foiz ulush uchun toʻlov va “Tolimarjon IES” AJ tomonidan avvaltoq jalb qilingan qariyb 700 million dollarlik kreditlarni qaytarish koʻrinishida yoʻnaltiriladi. Shunday qilib, Amirlik kompaniyalari Tolimarjon IESga qariyb 1 milliard dollar sarmoya kiritmoqda.

Imzolangan shartnomalar BAA kompaniyalari tomonidan Tolimarjon IES va boshqa issiqlik elektr stansiyalarining ishlab chiqarish quvvatlarini eng zamonaviy kombinatsion tsiklli elektr ishlab chiqarish bloklari bilan jihozlash orqali kengaytirishga kelgusida sarmoya kiritish imkoniyatlarini ochib beradi. Bu stansiyalar tabiiy gaz iste’moli, samaradorligi va chiqindilari bo‘yicha an’anaviy bug‘ elektr stansiyalaridan ko‘p marta ustundir. Shunday qilib, erishilgan kelishuvlarning amalga oshirilishi Tolimarjon IESning texnologik darajasi va ishonchliligini sezilarli darajada oshiradi, aholi, ijtimoiy soha va ishlab chiqarish tarmoqlarini barqaror va sifatli elektr energiyasi bilan ta’minlashga xizmat qiladi.

Mubadala va TAQA bilan tuzilgan keng ko‘lamli shartnomalar davlatimiz rahbari rahnamoligida elektroenergetika sohasida amalga oshirilayotgan islohotlar va mamlakatimizda investitsiya muhitining tubdan yaxshilanishi hamda O‘zbekistonning izchil tashqi siyosati samarasidir, uning asosiy maqsadi munosib ish haqi bilan yuqori texnologiyali ish o’rinlarini yaratish uchun iqtisodiyotni modernizatsiya qilishga xorijiy sarmoyalarni jalb qilishdir.

Hamkorlikning navbatdagi bosqichi Amirlik kompaniyalari tomonidan “Tolimarjon IES” AJning qoʻshimcha ishlab chiqarish quvvatlariga sarmoya kiritish boʻladi. Strategik energetika sanoatida xorijiy investitsiyalarning faol ishtiroki yirik infratuzilma obyektlarini tashqi qarzlar hisobiga moliyalashtirishning anʼanaviy yondashuvini toʻgʻridan-toʻgʻri xorijiy investitsiyalar bilan almashtirishga imkon beradi va shu orqali respublika tashqi qarzining mustahkam barqarorligini taʼminlash va suveren kreditni izchil yaxshilashni davom ettiradi.

Mubadala — Abu Dabi hukumatiga tegishli boʻlgan investitsiya kompaniyasi boʻlib, 30 dan ortiq mamlakatlarda faoliyat yuritadi. Kompaniyaning investitsiya portfeliga aerokosmik, agrobiznes, AKT, metallga ishlov berish, tog’-kon sanoati, kommunal xo’jalik kabi sohalardagi loyihalar kiradi. Kompaniyaning umumiy aktivlari 250 milliard dollardan oshadi.

TAQA – ADQ investitsiya xoldingiga tegishli bo’lgan va dunyoning 11 dan ortiq mamlakatlarida faoliyat yurituvchi energiya kompaniyasi. Kompaniya aktivlarining umumiy qiymati 80 milliard dollardan oshadi.