16 Iyul 2020

O‘zbekiston va Turkiya o‘rtasida investitsiya sohasidagi bitimning kuchga kirishi to‘g‘risida

O‘zbekiston Respublikasi Prezidentining Turkiya Respublikasiga tashrifi davomida 2017-yil 25-oktabrda imzolangan Investitsiyalarni o‘zaro rag‘batlantirish va himoya qilish to‘g‘risidagi hukumatlararo Bitim 2020-yil 9-iyuldan e’tiboran kuchga kirdi.

Ushbu hujjat qoidalariga muvofiq, ikki mamlakat investorlari tomonidan amalga oshirilgan investitsiyalarga nisbatan eng ko‘p qulaylik yaratish tartibi qo‘llaniladi.

Bitim investorlar huquqlarini himoyalash, sarmoya va texnologiyalarning kirib kelishini qulaylashtirish, pul o‘tkazmalarining erkin bajarilishi huquqiy asoslarini belgilagan.

Hujjat 1992-yil 28-aprelda imzolangan avvalgi hukumatlararo Bitimni almashtiradi hamda zamonaviy voqelikni inobatga olgan holda investitsiyalarni o‘zaro rag‘batlantirish va himoya qilish tartibini takomillashtirishga qaratilgan.

Bitim ikki davlat iqtisodiyotiga o‘zaro investitsiyalar oqimi uchun mustahkam asos yaratadi, shuningdek, salohiyatli xorijiy investorlar uchun har ikki mamlakatning investitsion jozibadorligini oshiradi.