07 Yanvar 2020

Yangi tahrirdagi Soliq kodeksi amalga kiritildi

O‘zbekiston Moliya vazirligi va Davlat soliq qo‘mitasi (DSQ) 2020 yilning 1 yanvaridan boshlab O‘zbekiston Soliq kodeksi (yangi tahrirda) amalga kiritilishi haqida xabar berdi. Shu munosabat bilan, yuridik va jismoniy shaxslarga soliq solish tartibiga kiritilgan asosiy o‘zgarishlarni sanab o‘tdi. Soliq kodeksining elektron nusxasi Moliya vazirligi va Davlat soliq qo‘mitasi saytlari hamda Telegram-kanallarida joylashtirilgan.

Soliq kodeksini (yangi tahrirda) qabul qilinishi munosabati bilan soliq hisobotlarining yangi shakllari ishlab chiqiladi. Soliq hisoboti shakllari O‘zbekiston Adliya vazirligida huquqiy ekspertizadan va davlat ro‘yxatidan o‘tkazilgandan so‘ng barcha soliq to‘lovchilarga yetkaziladi.

Yer solig‘i bo‘yicha 2020 yil uchun soliq hisoboti qishloq xo‘jaligiga mo‘ljallanmagan yerlar qismi bo‘yicha 2019 yilda amaldagi shakllar bo‘yicha yer uchastkasi joylashgan joyidagi soliq organlariga taqdim etiladi. Mol-mulk solig‘i va suv resurslaridan foydalanganlik uchun soliqning 2020 yil uchun hisoblanadigan summasi to‘g‘risidagi hisobot 2019 yilda amalda bo‘lgan shaklda taqdim etiladi. 2019 yil uchun soliq hisob-kitoblari Soliq kodeksining yangi tahririda nazarda tutilgan muddatlarda 2019 yilda amal qilgan shakl va tartibda taqdim etiladi.

Yagona ijtimoiy to‘lov o‘rniga ijtimoiy soliq, yagona soliq to‘lovi o‘rniga — aylanmadan soliq, qat’iy belgilangan soliq o‘rniga — jismoniy shaxslarning daromadlariga, ularga qonun hujjatlarida belgilangan tartibda ilgari berilgan imtiyoz va soliqni hisoblash xususiyatlarini saqlab qolgan holda, qat’iy belgilangan miqdorda soliq joriy etiladi.

Soliqlar va boshqa majburiy to‘lovlar bo‘yicha imtiyozlar, shuningdek soliqlar bo‘yicha pasaytirilgan stavkalar quyidagi muddatlarda amal qiladi:

2007 yil 25 dekabrdagi qonun bilan tasdiqlangan Soliq kodeksi bilan taqdim etilgan va belgilangan imtiyozlar va stavkalar 2020 yil 1 aprelgacha;

O‘zbekiston prezidenti va Vazirlar Mahkamasining qarorlari bilan taqdim etilgan imtiyozlar va stavkalar, ularning amal qilish muddati tugagunga qadar.

Soliq kodeksi tarkibidan davlat boji, tovarlarning ayrim turlarini (alkogolli ichimliklar) sotish huquqi uchun yig‘imlar bo‘limlari chiqarildi, ular «Davlat boji to‘g‘risida» gi alohida qonunda nazarda tutiladi.

Bir martalik xususiyatdagi maxsus to‘lovlar bo‘lgan yer qa’ridan foydalanuvchilar uchun bonuslar (imzoli bonus va tijoratbop bonus) Soliq kodeksidan «Yer qa’ri to‘g‘risida» gi qonunga o‘tkaziladi.

Soliq to‘lovchilar 2020 yil 1 aprelgacha 2020 yil uchun soliq solish maqsadlari uchun hisob siyosatini ishlab chiqishlari shart. Soliq maqsadlari uchun hisob-kitob siyosati soliq to‘lovchi tomonidan mustaqil ravishda ixtiyoriy shaklda belgilanadi va rahbarning buyrug‘i bilan tasdiqlanadi.

Yakka tartibdagi tadbirkorlar uchun deklaratsiya asosida jismoniy shaxslardan olinadigan daromad solig‘ini to‘lashni yoki 2020 yildan boshlab o‘rtacha 25 foizgacha pasaytiriladigan qat’iy belgilangan miqdorda soliq to‘lashni tanlash huquqi beriladi.