22 Iyul 2022

Koreya Respublikasi bilan ikki tomonlama moliyaviy va texnik hamkorlik doirasida qo‘shma loyihalarni amalga oshirishning borishi muhokama qilindi

Investitsiyalar va tashqi savdo vazirligida (ITSV) Koreya Respublikasi bilan moliyaviy va texnik hamkorlikni muhokama qilish bo‘yicha yillik muloqot bo‘lib o‘tdi, deb xabar bermoqda “Dunyo” muxbiri.

ITSV maʼlumotlariga koʻra, Janubiy Koreya tomonidan tadbirda Iqtisodiyot va Moliya vazirligi hamda Eksimbank vakillari ishtirok etdi.

Bugungi kunda Koreya Respublikasining uzoq muddatli imtiyozli kreditlari hisobidan sog‘liqni saqlash, farmatsevtika, kimyo sanoati sohasida umumiy qiymati 548 million AQSh dollaridan ortiq bo‘lgan beshta loyihani amalga oshirish bo‘yicha ishlar olib borilmoqda.

Uchrashuvda Koreya Respublikasi Eksimbankining Iqtisodiy rivojlanish va hamkorlik jamg‘armasi (EDCF)ning imtiyozli kreditlari hisobidan hamkorlikda amalga oshirilayotgan loyihalarning bugungi holati ko‘rib chiqildi.

Xususan, 2022-yilga mo‘ljallangan “Tibbiyot klasterini yaratish” (383 million dollar), “Tashkent Pharma Park” innovatsion ilmiy-ishlab chiqarish farmatsevtika klasterining ilmiy-ta’lim komponentlarini yaratish (198,6 million dollar) ustuvor loyihalari bo‘yicha keyingi qadamlar muhokama qilindi.

Tomonlar, shuningdek, kredit bitimlarini imzolashdan oldingi tartiblarni soddalashtirish imkoniyatlarini muhokama qildilar va hamkorlikning yangi istiqbolli yo‘nalishlarini, jumladan, mintaqaviy avtomobil va temir yo‘l kommunikatsiyalarini rivojlantirish hamda sog‘liqni saqlash sohasini raqamlashtirishni belgilab oldilar.

Muloqot natijasida 2022-2024-yillarga mo‘ljallangan istiqbolli loyihalar ro‘yxati kelishib olinib, ularni amalga oshirishni jadallashtirish bo‘yicha aniq chora-tadbirlar belgilandi.