08 Oktyabr 2022

Investisiya loyihalarini amalga oshirish va tadbirkorlikni rivojlantirish borasidagi ishlar muhokama qilindi

Senatning o‘ttiz uchinchi yalpi majlisida senatorlar Farg‘ona viloyati hokimining investitsiya loyihalarini amalga oshirish va tadbirkorlikni rivojlantirish borasida amalga oshirilayotgan ishlar to‘g‘risidagi hisobotini eshitdilar va muhokama qildilar.

Hisobotda viloyatda tadbirkorlikni rivojlantirish orqali investisiya mablag‘larini jalb etish va investisiya loyihalarini amalga oshirish, aholi bandligini ta’minlash va turmush darajasini oshirish borasida muayyan ishlar amalga oshirilgani ta’kidlandi.

Xususan, viloyatda o‘zlashtirilgan xorijiy investitsiyalar hajmi yiliga o‘rtacha 50 foizga, keyingi 2 yilda 100 foizga o‘sdi, viloyat bu ko‘rsatkich bo‘yicha respublikada 2-o‘rinni egallab turibdi.

Agar 2021-yilda investitsiya dasturining amalga oshirilayotgan loyihalari doirasida jami 512 million dollarlik to‘g‘ridan-to‘g‘ri xorijiy investitsiyalar va kreditlar o‘zlashtirilgan bo‘lsa, 2022-yilning yanvar-avgust oylarida bu ko‘rsatkich 475 million dollarni tashkil etib, xuddi shu ko‘rsatkichga nisbatan 2,2 baravarga oshganini anglatadi. 

Amalga oshirilayotgan ishlar samarasida viloyatning sarmoyaviy jozibadorligi ham ortib bormoqda. Dunyoning eng nufuzli xalqaro reyting agentligi “S&P Global Rating” (AQSh) tomonidan mintaqaning mustahkam moliyaviy ko‘rsatkichlari va yuqori iqtisodiy salohiyati uchun “B+” kredit reytingi, ya’ni “barqaror” darajasi belgilandi.

2021-yilda viloyat bo‘yicha jami 756,3 million dollarlik eksport amalga oshirildi, bu 2020-yilga nisbatan 136 foizga ko‘pdir. Joriy yilning yanvar-avgust oylarida 556,6 million dollarlik mahsulot eksport qilindi, bu o‘tgan yilning shu davriga nisbatan 114,8 foizga ko‘pdir.

Viloyat eksportyorlari tomonidan 60 ta xorijiy davlatga 150 turdan ortiq mahsulot eksport qilingani, Gonduras, Kipr, Gonkong, Moldova hisobiga eksport geografiyasi kengayayotgani ta’kidlandi.

Senat tinglashdan avval viloyatda bu borada amalga oshirilayotgan ishlarni tanqidiy o‘rganib chiqdi, yalpi majlisda o‘rganish davomida aniqlangan respublika darajasidagi muammoli masalalar viloyat hokimi, boshqarma rahbarlari ishtirokida keng muhokama qilindi. 

Shu tariqa, tadbirkorlardan undiriladigan qo‘shilgan qiymat solig‘ini o‘z vaqtida to‘lamaslik ularning faoliyati rivojiga, qo‘shimcha va munosib ish o‘rinlari yaratilishiga ta’sir etayotgani ta’kidlandi.

Kichik sanoat va yoshlar ishlab chiqarish va tadbirkorlik zonalari uchun muhandislik-kommunikatsiya tarmoqlarini o‘rnatish bo‘yicha ishlar yetarli darajada emas. Shu boisdan ham ayrim loyihalar o‘z vaqtida amalga oshirilmayotgani, ayrimlaridan tashabbuskor tadbirkorlar tomonidan tashlab ketilayotgani tanqid qilindi.

“Qo‘qon” erkin iqtisodiy zonasining “A” va “B” kichik zonalarini tutashtiruvchi 900 metrli temir yo‘l qurilishi boshlanmagani mahsulotlarni dalaga yetkazishdagi qiyinchiliklar bilan birga ortiqcha xarajatlarga ham olib kelmoqda. Bu esa tadbirkorlar e’tiroziga sabab bo‘layotgani ta’kidlandi.

Muhokama yakunlari bo‘yicha o‘z yechimini kutayotgan muammoli masalalarni bartaraf etish yuzasidan Senatning tegishli qarori qabul qilindi va uning ijrosi ustidan parlament nazoratini o‘rnatish vazifasi belgilandi.