26 Noyabr 2022

O‘zbekiston-Koreya ko‘p qirrali hamkorligini rivojlantirish istiqbollari muhokama qilindi

Shu yilning 24-noyabr kuni Investitsiyalar va tashqi savdo vazirligida Koreya Respublikasi tashqi ishlar vaziri oʻrinbosari Yong Sam Che bilan Oʻzbekiston va Koreya oʻrtasidagi savdo-iqtisodiy, sarmoyaviy va moliyaviy-texnikaviy hamkorlikni yanada kengaytirish chora-tadbirlari muhokamasiga bagʻishlangan uchrashuv boʻlib oʻtdi.

Uchrashuv davomida tomonlar o‘zaro tovar ayirboshlash ko‘rsatkichlarini mutanosib ravishda oshirish, uni kelgusi yillarda 5 milliard dollarga yetkazish choralarini muhokama qildilar.  Shu maqsadlarda ikki davlat oʻrtasida Erkin savdo toʻgʻrisidagi bitimni imzolash boʻyicha oʻzaro hamkorlikni faollashtirish, shuningdek o‘zbek oziq-ovqat mahsulotlarini Koreya bozoriga yetkazib berish uchun ruxsatnomalarni olish masalalari kelishib olindi.

Uchrashuvda O‘zbekistonda energetika, yengil sanoat, mashinasozlik, geologiya, shaharsozlik va boshqa sohalarda umumiy qiymati 14 milliard dollarlik qo‘shma investitsiya loyihalarini amalga oshirayotgan Koreya kompaniyalarining muvaffaqiyatli faoliyati alohida ta’kidlandi. Koreya tomoni dolzarb muammolarni hal qilish va qo‘shma loyihalarni amalga oshirishni jadallashtirish maqsadida o‘zaro hamkorlikning yangi mexanizmi – har oyda Koreya kompaniyalari ishtirokida O‘zbekiston-Koreya tijorat masalalariga oid muloqotini o‘tkazish tashabbusini olqishladi.

Koreya hukumatining Taraqqiyot maqsadlariga rasmiy yordam dasturi doirasidagi loyihalarni amalga oshirish, jumladan, Maktabgacha ta’lim muassasalari kadrlarini qayta tayyorlash va malakasini oshirish markazi, Kimyoviy texnologiyalar markazi, shuningdek, O‘zbekiston-Koreya nodir metalllar ilmiy-texnologik markazi va Koreya-O‘zbek to‘qimachilik texnoparki faoliyatini kengaytirish loyihalari atroflicha ko‘rib chiqildi.

Uchrashuvda Koreya Eksimbankining EDCF Jamg‘armasi bilan ta’lim, sog‘liqni saqlash, farmatsevtika, elektronika sohalarida yirik loyihalarni o‘z vaqtida amalga oshirish masalasi ham muhokama qilindi. Hujjatlarni tasdiqlash jarayonini tezlashtirish va Toshkentda Tibbiyot universiteti, Farmatsevtika klasterining 2-bosqichi, shuningdek, o‘zbek-koreys elektronika va yarimo‘tkazgichlar ishlab chiqarish klasteri qurilishining boshlanishi bo‘yicha kelishuvga erishildi.

Muzokaralar yakunida hukumat delegatsiyalarining o‘zaro tashriflarini tashkil etish, qo‘shma loyihalarni amalga oshirishni jadallashtirish hamda yangi kelishuv va tashabbuslarni ishlab chiqishda har tomonlama ko‘maklashishga sodiqlik bildirildi.