26 Aprel 2022

O‘zbekiston va Rossiya o‘rtasidagi iqtisodiy sheriklik masalalari muhokama qilindi

“Innoprom. Markaziy Osiyo” Xalqaro sanoat ko‘rgazmasi doirasida O‘zbekiston Respublikasi Bosh vazirining o‘rinbosari – investisiyalar va tashqi savdo vaziri S.Umurzakov Rossiya Federatsiyasi sanoat va savdo vaziri D.Manturov bilan uchrashdi.

Uchrashuv chog‘ida investisiyalar, sanoat va savdo sohalaridagi ikki tomonlama hamkorlikning dolzarb masalalari muhokama qilindi. Amaldagi kelishuvlarning hayotga tatbiq etilishi, shuningdek, o‘zaro manfaatli hamkorlikni rivojlantirishning yangi yo‘nalishlari ko‘rib chiqildi.

Sanoat kooperatsiyasini chuqurlashtirish va metallurgiya, energetika, mashinasozlik, transport, qishloq xo‘jaligi va yo‘l qurilishi sohalari uchun ixtisoslashtirilgan texnikalarni ishlab chiqarish, kimyo, farmasevtika sanoati va IT yo‘nalishi kabi yuqori texnologiyali va investisiyalarni talab qiladigan sohalarda o‘zaro bog‘liq qo‘shilgan qiymat zanjirlarini yaratish imkoniyatlari o‘rganildi.

O‘zbekiston-Rossiya savdo aylanmasini oshirish bo‘yicha navbatdagi tadbirlar muhokama qilindi. Ikki mamlakat bozorlarida yuqori talabga ega bo‘lgan mahsulotlarni o‘zaro yetkazib berishni ko‘paytirish nuqtai nazaridan daromadli bo‘lgan aniq tovar pozisiyalarini belgilash maqsadida o‘zaro savdo tarkibini o‘rganish bo‘yicha kelishuvga erishildi. Amaldagi savdo to‘siqlarni bartaraf etish va ikki tomonlama savdoni faollashtirish uchun qulay shart-sharoitlar yaratish bo‘yicha o‘zaro hamkorlik qilishga tayyorlik bildirildi.

Uchrashuv yakunida tomonlar O‘zbekiston-Rossiya hamkorligini yanada rivojlantirish va qo‘shma loyihalarni ilgari surishning muhim jihatlari bo‘yicha o‘zaro maqbul yechimlarni ishlab chiqdilar va kelishib oldilar.