09 Avgust 2022

Xitoy bilan koʻp qirrali hamkorlikni chuqurlashtirish masalalari muhokama qilindi

Joriy yilning 9-avgust kuni O‘zbekiston Respublikasi Bosh vazirining o‘rinbosari – investitsiyalar va tashqi savdo vaziri Jamshid Xo‘jayev boshchiligida Xitoy Xalq Respublikasi bilan ko‘p qirrali hamkorlikning bugungi holati va chuqurlashtirish masalalariga bag‘ishlangan yig‘ilish bo‘lib o‘tdi. 

Yig‘ilishda vazirlik va idoralar, tarmoq birlashmalari, tijorat banklari, mahalliy hokimliklar, O‘zbekiston Respublikasining Xitoydagi elchixonasi rahbarlari ishtirok etdi.

Xitoy bilan hamkorlikni kengaytirish bo‘yicha idoralararo, tarmoqlararo va mintaqalararo darajalarda kompleks chora-tadbirlar ko‘rish, ya’ni yangi istiqbolli shartnoma va shartnomalar tuzish, o‘zaro manfaatli qo‘shma loyihalarni amalga oshirish va xitoylik sheriklarning grant ko‘magini jalb etish muhimligi ta’kidlandi.

Xususan, savdo-iqtisodiy, sanoat va mintaqalararo hamkorlik, transport, energetika, farmatsevtika, kimyo va neft-kimyo sohalaridagi hamkorlik, shuningdek, avtomobilsozlik, konchilik, metallurgiya, ipakchilik, paxtachilik, qishloq va suv xoʻjaligi, sogʻliqni saqlash, fan, taʼlim va madaniyat, toʻqimachilik mahsulotlari, charm mahsulotlari, qurilish materiallari ishlab chiqarish va boshqa yoʻnalishlarda investitsiya bitimlari va savdo shartnomalarini rivojlantirish istiqbollari muhokama qilindi. 

Shuningdek, yig‘ilishda joriy yilning avgust oyida o‘tkazilishi rejalashtirilgan O‘zbekiston Respublikasi va Xitoy Xalq Respublikasi o‘rtasidagi hamkorlik bo‘yicha Hukumatlararo qo‘mitaning 6-majlisiga tayyorgarlikning borishi ko‘rib chiqildi. Hukumatlararo qoʻmitaning 7 ta kichik komissiyasi, vazirlik va idoralar rahbarlarining maʼruzalari tanqidiy ruhda tahlil qilindi. Investitsion ishlar, hujjatlar va bitimlarni tezroq tayyorlash bo‘yicha aniq ko‘rsatmalar berildi, ustuvor yo‘nalishlarda hamkorlikni kengaytirish bo‘yicha aniq takliflar berildi.

Yig‘ilish yakunlari bo‘yicha muhokama etilgan masalalar va belgilangan vazifalar doirasida vazirlik, idora va tashkilotlarning mas’ul rahbarlariga qo‘shimcha topshiriqlar berildi.