11 Oktyabr 2022

Oʻzbekiston mahsulotlarining Germaniyaga eksportini oshirish masalalari muhokama qilindi

Yevropa bozoriga eksport mahsulotlarini ko‘paytirish va O‘zbekiston eksport qiluvchi korxonalarini har tomonlama qo‘llab-quvvatlash maqsadida mamlakatimizning Frankfurt-na-Mayn shahridagi Bosh konsulligi vakillari “RSP International” bosh direktori Yuliya Shammasova bilan videokonferensiya shaklida muzokaralar o‘tkazdi, deb xabar beradi “Dunyo” axborot agentligi muxbiri.


RSP International – o‘zbek eksportyorlarini xorijda qo‘llab-quvvatlash, xorijiy investorlar va O‘zbekistondagi xalqaro investitsiya loyihalarini har tomonlama qo‘llab-quvvatlash bo‘yicha ko‘p yillik tajribaga ega xalqaro sertifikatlangan huquqshunoslar, auditorlar va ekspertlar jamoasi.

Tomonlar respublika salohiyati va xususiy biznesning eksport imkoniyatlarini kengaytirishdan manfaatdorligini muhokama qildilar. Bugungi kunda O‘zbekiston xalqaro meva-sabzavot bozorida muhim eksportchi davlatga aylanib borayotgani alohida ta’kidlandi. Germaniya bozoriga quritilgan sabzavot va mevalar, tibbiyot va gigiyena mahsulotlari eksportini ko‘paytirish imkoniyatlari ko‘rib chiqildi.

Muzokaralar natijasida Oʻzbekiston mahsulotlari namunalarini Germaniya sharoitida laboratoriya tadqiqotlari uchun joʻnatish va Germaniyaning ulgurji va chakana savdo tarmoqlari bilan muzokaralar olib borish boʻyicha kelishuvga erishildi.