04 Iyun 2022

Kanada bilan energetika sohasida hamkorlik qilish imkoniyatlari muhokama qilindi

O‘zbekiston energetika vazirining birinchi o‘rinbosari Azim Ahmedxadjayev Kanada elchisi Alison Meri Lekler bilan muzokaralar o‘tkazdi.

Uchrashuvda xorij tomoniga O‘zbekiston energetika sohasida amalga oshirilayotgan islohotlar, qayta tiklanuvchi energetikani rivojlantirish, jumladan, qayta tiklanuvchi energiya manbalari loyihalari bo‘yicha tenderlarda jahonning yetakchi kompaniyalarining keng ishtiroki haqida ma’lumot berildi.

Shuningdek, Energetika vazirligi huzurida 2021-yilda tashkil etilgan Qayta tiklanuvchi energiya manbalari instituti, mazkur institut qoshida faoliyat yuritayotgan Vodorod energiyasi amaliy laboratoriyasi faoliyati haqida ma’lumot berildi.

Kanada elchisi amalga oshirilayotgan islohotlar jarayonida mamlakat energetika sohasida erishilgan natijalar muhimligini qayd etdi.

Alison Meri Lekler hamkorlikning bir qator istiqbolli yo‘nalishlarini batafsil ko‘rib chiqishni taklif qildi, jumladan: Kanadaning yetakchi texnik universitetlari bilan tajriba almashish sohasida hamkorlik; vodorod energiyasi va ekologik xavfsizlik (ESG) sohasidagi qo’shma loyihalar.

Uchrashuv yakunlari bo‘yicha tomonlar kadrlar tayyorlash va ularning malakasini oshirish, shuningdek, vodorod energetikasi sohasidagi hamkorlik imkoniyatlarini muhokama qilish uchun bir qator vebinarlar tashkil etish bo‘yicha kelishuvga erishdi.