24 Iyun 2020

MChJga obligatsiyalar chiqarishga ruxsat beriladi

Obligasiyalarning chiqarilish jarayoni sezilarli darajada soddalashtirildi va mas’uliyati cheklangan jamiyatlarga tashqi moliyalashtirishni jalb qilish uchun yangi imkoniyatlar berildi, endilikda MChJlar chiqargan korporativ obligasiyalar an’anaviy bank krediti muqobili bo‘la oladi.

Joriy yilning 19 iyun’ kuni O‘zbekiston Respublikasi Oliy Majlisi Senatining beshinchi yalpi majlisi bo‘lib o‘tdi, unda senatorlar tomonidan bir qator qonun loyihalari ko‘rib chiqilib, shular qatorida amaldagi qonunchilikdagi korporativ obligasiyalar chiqarishni cheklovchi normalardan voz kechish va ma’suliyati cheklangan jamiyatlarga obligasiya chiqarishiga ruxsat berishni nazarda tutuvchi o‘zgartish va qo‘shimchalarni kiritish bo‘yicha Qonun loyihasi ma’qullandi.

“Bugun Senat Agentlik tomonidan qariyb bir yil oldin tashabbus ko‘rsatilgan, ayrim cheklovlarni bekor qilish va ma’suliyati cheklangan jamityalarga korporativ obligasiyalar chiqarishga imkon berishni hamda mazkur jarayonni tartibga solishni soddalashtirishni nazarda tutuvchi qonun loyihasini ma’qulladi”, – deydi Kapital bozorini rivojlantirish agentligi direktori Otabek Nazirov.

Hozirgi vaqtga qadar korporativ obligasiyalarni faqat aksiyadorlik jamiyatlari va tijorat banklari chiqarishi mumkin edi. Shu bilan birga, obligasiyalar chiqarishda emitentga qo‘yilgan qonuniy talablar uni moliya jalb qilishda hatto ko‘pgina aksiyadorlik jamiyatlari uchun ham keraksiz vositaga aylantirib qo‘ygan.

Misol uchun, bugungi kungacha “Qimmatli qog‘ozlar bozori to‘g‘risida”gi va “Aksiyadorlik jamiyatlari va aksiyadorlarning huquqlarini himoya qilish to‘g‘risida”gi qonunlarda aksiyadorlik jamiyatlari obligasiyalarni faqat o‘z ustav kapitali hajmi doirasida va uch yillik ijobiy moliyaviy faoliyati va reytingi mavjud bo‘lgan taqdirdagina chiqara olishi hamda obligasiyalar umumiy qiymati kompaniyaning ularni chiqarish to‘g‘risida qaror qabul qilingan sanadagi kapital miqdoridan oshmasligi kabi cheklovlar belgilangan edi.

Mazkur cheklovlar so‘nggi yillarda muomaladagi korporativ obligasiyalar soni va hajmining keskin kamayishiga sabab bo‘ldi. Xususan, 2010-2018 yillar davomida muomaladagi korporativ obligasiyalar soni 41 tadan 17 tagacha, ularning hajmi 512 mlrd dan 198 mlrd so‘mgacha kamaydi, bu esa chiqarilgan aksiyalar miqdorining atigi 0,2% ni tashkil etadi.

Hozirgi kunda, mamlakatimizda iqtisodiyotning turli sohalarida faoliyat yuritadigan mas’uliyati cheklangan jamiyat (MChJ) ko‘rinishidagi 148 mingdan ortiq korxona mavjud. Aksariyat aksionerlik jamiyatlariga qaraganda ko‘proq investisiya jalb qilishga qodir ushbu korxonalarning barchasida o‘z biznesini moliyalashtirishga bank kreditidan boshqa muqobil variant yo‘q. Korporativ obligasiyalar esa MChJlar uchun shunday muqobil yo‘lga aylanishi mumkin.

“MChJ shaklidagi tashkilotlariga qarz mablag‘larini jalb qilish uchun yangi imkoniyatlar berish bo‘yicha qonunchilikka o‘zgartiish kiritishni ham professional hamjamiyat, ham potensial emitentlar intiqlik bilan kutmoqda, bu mavzu 10 yildan beri qizg‘in muhokama qilinib kelinadi. Bu xususiy loyihalarni moliyalashtirish manbalari ro‘yxatini kengaytirishga, shuningdek, mamlakatda korporativ qarzlar bozorini jonlantirishga yordam berib, aholi va kompaniyalarning vaqtincha bo‘sh turgan mablag‘larini jalb qilish va jamg‘armalarning bir qismini xorijiy valyutadan milliy valyutaga o‘tkazishni osonlashtirishga ko‘maklashadi”, – deb izohlaydi Avesta Investment Group investisiya kompaniyasi hamkori Karen Srapionov.

Shu munosabat bilan, Kapital bozorini rivojlantirish agentligi tomonidan ishlab chiqilgan va quyidagilarni nazarda tutuvchi Qonun loyihasi Senat tomonidan ma’qullandi:

  1. Mas’uliyati cheklangan jamiyatlarga (MChJ) tashqi auditorlik, moliyaviy hisobot, ma’lumotlarning oshkor etilishi va aksiyadorlik jamiyatlari uchun talab qilinadigan boshqa talablar qo‘yilgan holda obligasiyalar chiqarishga ruxsat berish.
  2. Chiqarilayotgan obligasiyalar hajmini kompaniyaning ustav kapitali doirasida belgilash, ularni chiqarishda garov talab qilinishi, uch yillik ijobiy moliyaviy hisobot va reytinglarga ega bo‘lish talablarini olib tashlash.
  3. Talablarning mavjud tendensiyalarga tez moslashishi va o‘larga o‘z vaqtida o‘zgartirish va to‘ldirishlar kiritib borish maqsadida korporativ obligasiyalar chiqarish shartlarini va talablarni belgilash vakolatini Qimmatli qog‘ozlar bozorini tartibga solish bo‘yicha vakolatli davlat organiga (Kapital bozorini rivojlantirish agentligi) berish.

Ushbu qonunning qabul qilinishi mamlakatda biznes yuritish muhitini yanada yaxshilashga, respublika iqtisodiyotiga aholi va investorlar bo‘sh mablag‘larining keng va faol jalb qilinishiga xizmat qiladi va shu bilan real sektor korxonalarining davlat kafolati va bank kreditlariga bog‘liqligini kamaytiradi (bank sektoriga yuk kamayadi), shuningdek, davlatning iqtisodiyotdagi ishtiroki kamayadi.

 kreditlariga bog‘liqligini kamaytiradi (bank sektoriga yuk kamayadi), shuningdek, davlatning iqtisodiyotdagi ishtiroki kamayadi.