09 Oktyabr 2019

Andijonda “OPEN ANDIJAN” I Xalqaro investitsiya forumi bo‘lib o‘tadi

Tashqi ishlar vazirligi xabariga ko‘ra, joriy yilning 19-20 oktabr kunlari o‘tkaziladigan forum Andijon viloyati bilan mahalliy va xorijiy ishbilarmon doiralar o‘rtasida mintaqada investitsiya faoliyatini amalga oshirish, investitsiya muhitini yaxshilash bo‘yicha chora-tadbirlarni ishlab chiqish va Farg‘ona vodiysiga investitsiyalarni jalb qilish va iqtisodiy o‘sishni oshirish bo‘yicha samarali muloqot o‘rnatish uchun platforma bo‘lishi rejalashtirilgan.
 
Forumda 20 dan ortiq davlatlardan delegatsiyalar, O‘zbekistonda akkreditatsiyadan o‘tgan diplomatik vakolatxonalar rahbarlari, xalqaro moliya institutlari, mahalliy va xorijiy OAV vakillari ishtirok etishi kutilmoqda. Jami 500 dan ortiq ishtirokchilar qatnashishi ko‘zda tutilgan.
 
Eng ko‘p delegatsiya Hindistondan kelishi kutilmoqda. Gujarat shtatining gubernatori Vijay Rupani boshchiligidagi mehmonlarning yurtimizga tashrifi, shubhasiz O‘zbekiston va Hindiston o‘rtasidagi do‘stlik va sheriklik munosabatlari tobora mustahkamlanib borayotganining yana bir yorqin dalilidir.