03 Oktyabr 2019

Yoʻl xoʻjaligini rivojlantirish boʻyicha vazifalar belgilandi

Oʻzbekiston Respublikasi Prezidenti Shavkat Mirziyoyev 2-oktyabr kuni yoʻl xoʻjaligini rivojlantirish va ushbu sohaga investitsiyalarni keng jalb qilish masalalariga bagʻishlangan yigʻilish oʻtkazdi.

Mamlakatimizda jami yuklarning 98 foizi va yoʻlovchilarning 88 foizi avtomobil yoʻllari orqali tashiladi. Keyingi yillarda yurtimiz eksportida tayyor mahsulotlar ulushi koʻpayib bormoqda. Kelgusida uni yanada oshirish rejalashtirilgan. Tovarlarni manzilga tez va sifatli yetkazish uchun esa rivojlangan yoʻl infratuzilmasi kerak.

Avtomobil yoʻllarini qurish yoki taʼmirlash ishlariga xalqaro tashkilotlar va xususiy sheriklarni faol jalb qilish zarurligi taʼkidlandi. Jumladan, xalqaro va davlat ahamiyatiga molik 1 ming 600 kilometrlik yoʻllarga doir 18 ta yirik loyihani shunday hamkorlik asosida amalga oshirish boʻyicha koʻrsatmalar berildi.

Umuman, avtomobil yoʻllari sohasini tubdan isloh qilish uchun manfaatdor vazirlik va idoralar vakillaridan iborat ishchi guruh tuzib, 2020-2030 yillarda Avtomobil yoʻllarini rivojlantirish strategiyasini ishlab chiqish zarurligi taʼkidlandi. Bu strategiyada, avvalo, avtomobil yoʻllarini boshqarish tizimini tubdan takomillashtirish choralari belgilanadi.

Germaniyalik hamkorlar bilan birgalikda avtomobil yoʻllari qurilishi sohasida qoʻshma loyiha institutini tashkil etish, yurtimiz iqlimi va qatnov xususiyatlarini hisobga olib, yoʻl qurilishi sohasidagi normativ hujjatlarni tubdan qayta koʻrib chiqish zarurligi qayd etildi.