28 May 2020

Pandemiya sharoitida tadbirkorlar faoliyati har tomonlama qo‘llab-quvvatlanadi

Markaziy bankda xususiy tijorat banklari rahbarlari ishtirokida pandemiya sharoitida tadbirkorlar va aholini qo‘llab-quvvatlashni kuchaytirish masalalariga bag‘ishlangan uchrashuv o‘tkazildi.

Tadbirda kreditlar taqdim etish orqali faoliyati to‘xtab qolgan tadbirkorlarni qayta tiklash, yangi ish o‘rinlarini yaratish, kichik biznesni keng qo‘llab-quvvatlash va boshqa dolzarb masalalar atroflicha tahlil qilindi. Tijorat banklari respublikamiz tumanlari va Toshkent shahri bo‘ylab tadbirkorlarni qo‘llab-quvvatlash bo‘yicha chora-tadbirlar (har bir korxonaning holatini o‘rganish va zaruratga qarab kredit ajratish)ga alohida e’tibor qaratishlari lozimligi qayd etildi.

Banklar tomonidan taqdim etiladigan kredit shartlarini yengillashtirish masalalari ham ko‘rib chiqildi. Onlayn-kreditlarni taklif etish uchun mobil’ ilovalar imkoniyatlarini kengaytirish, kredit oluvchilarga zamonaviy yondashuv asosida xizmat ko‘rsatish bilan bog‘liq qulayliklar yaratish bo‘yicha ko‘rsatmalar berildi.

Bank tizimida zamonaviy axborot texnologiyalari imkoniyatlaridan keng foydalanish va shu orqali sohaga innovasion loyihalarni joriy etish yuzasidan taklif va tavsiyalar bildirildi.