08 Fevral 2021

O‘zbekiston Respublikasi Bosh vaziri “Almaty Digital Forum 2021” forumida ishtirok etdi

2021-yil 5-fevral kuni Qozog‘istonning janubiy poytaxti Olmaotada global va mintaqaviy raqamli kun tartibi, dunyo bo‘ylab raqamlashtirish sohasidagi muammolar, yechimlar va siyosatni shakllantirish hamda ularni muhokama qilishga qaratilgan asosiy platformalardan biri hisoblanuvchi “Digital Almaty” forumiga start berildi.

Forumning maqsadi – COVID-19 sharoitida raqamli kun tartibi, pandemiya davrida yangi raqamli transformatsiya strategiyalari hamda texnologiya sohasidagi yangi tendensiyalarni muhokama qilish uchun mintaqaviy va global darajada konstruktiv muloqot platformasini taminlashdir.

O‘zbekiston Respublikasi Bosh vaziri Abdulla Aripov, Rossiya Federatsiyasi Bosh vaziri Mixail Mishustin, Qozog‘iston Respublikasi Bosh vaziri Asqar Mamin, Qirg‘iziston Respublikasi Bosh vaziri Ulukbek Maripov, Armaniston Bosh vaziri Nikol Pashinyan, Belorus Respublikasi Bosh vaziri Roman Golovchenko va boshqalar forumning asosiy spikerlari sifatida ishtirok etishdi.

Abdulla Nig‘matovich o‘z nutqida O‘zbekiston Respublikasi Prezidenti Shavkat Mirziyoyev rahbarligida mamlakatimizda yangi O‘zbekistonni barpo etishga qaratilgan barcha sanoat tarmoqlari va sohalarga raqamli texnologiyani joriy etish bo‘yicha keng chora-tadbirlar amalga oshirilayotganligini ta’kidladi.

“O‘tgan yili raqamli iqtisodiyot, elektron hukumat va IT ta’limni yanada rivojlantirish maqsadida bir qator strategik muhim dasturlar amalga oshirildi. Xususan, qabul qilingan “Raqamli O‘zbekiston” strategiyasiga binoan yaqin ikki yil ichida mintaqa va sanoat tarmoqlarining raqamli transformatsiyasi bo‘yicha umumiy qiymati 200 million dollarni tashkil etuvchi 280 dan ortiq ustuvor loyihalar amalga oshirilishi ko‘zda tutilgan”, – dedi Abdulla Aripov.

Shuningdek, Bosh vazirning so‘zlariga ko‘ra, bugungi kunda barcha bog‘chalar, tibbiyot muassasalari hamda 8 mingdan ziyod maktablarda optik tolali aloqa liniyalari tortilgan va yuqori tezlikdagi Internetga ulanish uchun barcha shart-sharoitlar yaratilgan. O‘zbekistonda raqamli infratuzilmani rivojlantirish uchun yaqin ikki yil ichida 2,5 mlrd dollar jalb etiladi. Jumladan, Toshkent, Buxoro va Qo‘qon shaharlarida uchta yangi data-markazni ishga tushirish, telekommunikatsiyalar tarmog‘ini 3,5 baravar kengaytirish, uyali aloqa tarmoqlarini modernizatsiya qilish, shuningdek, 150 ming km dan ortiq optik tolali aloqa liniyalarini qurish rejalashtirilgan. Hududlardagi uy xo‘jaliklarini kamida 10 Mbit/soniya tezlikda ishlaydigan Internet bilan ta’minlash ushbu chora-tadbirlarning natijalaridan biri bo‘ladi.

Uning so‘zlariha ko‘ra, o‘tgan yili Yagona interaktiv davlat xizmatlari portalida 50 ta yangi xizmat turi ishga tushirildi, shuningdek, 10 milliondan ortiq elektron xizmatlar ko‘rsatildi.

Elektron litsenziyalash tizimining rivojlanishi tufayli 100 dan ortiq litsenziyalash va ruxsat berish protseduralari optimallashtirildi. Qishloq xo‘jaligini raqamlashtirish, zamonaviy qishloq xo‘jaligi texnologiyalari va innovatsion yechimlarni joriy etish, shu jumladan, sun’iy yo‘ldosh texnologiyalaridan foydalanishni rivojlantirish, intellektual tizimlar va dasturiy mahsulotlarni ishlab chiqarish hamda sanoat ma’lumotlarini raqamlashtirish uchun 600 million dollardan ortiq mablag‘ jalb qilinadi.

“Respublikada IT ta’limni rivojlantirish uchun raqamli ta’limning mutlaqo yangi tizimini yaratishga qaratilgan alohida davlat dasturi qabul qilindi. Ushbu dastur doirasida so‘nggi yillarda har bir viloyatda axborot texnologiyalarini chuqur o‘rgatishga qaratilgan ixtisoslashtirilgan maktablar ochildi. Bugungi kunga kelib shu kabu maktablar soni 14 nafarga yetdi. Yangi o‘quv yilida yana 82 ta maktab ochish, 2024-yilga qadar shu kabi ixtisoslashtirilgan IT maktablar sonini 205 taga yetkazish ko‘zda tutilgan”, – deya ta’kidladi Abdulla Aripov.

Bundan tashqari, Aripov respublika hududlarida aholi o‘rtasida raqamli ta’lim va ko‘nikmalarni rivojlantirish maqsadida 100 dan ortiq IT o‘quv markazlari tashkil qilinganligi, so‘nggi 6 oy ichida ular orqali 85 mingdan ziyod talabalar o‘z bilim-ko‘nikmalarini oshirganligi, shuningdek, joriy yil so‘ngiga qadar yana 106 ta markaz ochilishi va shu tariqa respublikaning har bir viloyatida axborot texnologiyalari sohasida o‘qitish uchun imkoniyat yaratilishi to‘risida ma’lumot berdi.

“O‘tgan yildan boshlab ishga tushgan “One Million Uzbek Coders” dasturi orqali 130 mingdan ortiq yoshlar kompyuter dasturlari bo‘yicha bilim egallashdi va shu yil oxiriga qadar ushbu dasturni maktablarda informatika fani bilan integratsiyalash hisobiga tinglovchilar sonini 300 mingga yetkazish rejamizda bor. Joriy yilda ham yoshlarning xalqaro IT sertifikatlarni olish uchun sarflangan xarajatlarning 50 foizigacha qoplab beradigan tizimi joriy etiladi. Ushbu yo‘nalishdagi ustuvor chora-tadbirlardan biri 2023-yilga qadar mamlakatimiz oliy o‘quv yurtlarida IT mutaxassisliklariga qabul kvotasini 4 mingdan 15 minggacha oshirishdir”, – dedi Bosh vazir.

Abdulla Nig‘matovich pandemiya oqibatlari haqida ham qo‘shimcha qildi: “Umuman olganda, epidemiya respublikada raqamli xizmatlarga bo‘lgan talabning tektonik o‘zgarishiga omil bo‘ldi. Masalan, raqamli xizmatlarga bo‘lgan talab 2 baravarga oshdi. Elektron to‘lov tizimlaridan foydalanuvchilar soni 14 million kishiga yetdi va bu o‘z navbatida mamlakat iqtisodiy faol aholisining 70 foizidan ortig‘ini tashkil etadi.”

Bosh vazir yaqin kelajakda mamlakat yalpi ichki mahsulotida raqamli iqtisodiyot ulushining 2 baravar ko‘paytirish maqsadida IT Parklar ochilayotganini va ularning rezidentlariga 2028-yilgacha bir qator soliq imtiyozlari va afzalliklari

berilganligi, shu jumladan, ularni barcha korporativ soliqlardan ozod qilish, shuningdek, rezidentlar ishchilarining daromadlari bo‘yicha soliq stavkasini 7,5 foizgacha kamaytirilganligini ta’kidladi.

Manba: IT Park Uzbekistan matbuot xizmati