07 Fevral 2020

Tashqi savdo jarayonidagi muammolar tahlil qilinib, dolzarb vazifalar belgilandi

O‘zbekiston Respublikasi Prezidenti Shavkat Mirziyoev 5 fevral’ kuni tashqi iqtisodiy faoliyat tizimini isloh qilish bo‘yicha ustuvor vazifalarga bag‘ishlangan yig‘ilish o‘tkazdi.

Davlatimiz rahbari Oliy Majlisga Murojaatnomasida tashqi savdo bilan bog‘liq nazorat tizimi va infratuzilmani yaxshilash, jumladan, xorijiy tajribadan kelib chiqib, bojxona postlarida nazoratni amalga oshiradigan bojxona, sanitariya, karantin, veterinariya va boshqa idoralar faoliyatini isloh qilish lozimligini ta’kidlagan edi.

Bu sohada uzoq yillardan buyon samarali ishlar olib borilmagani tashqi savdo amaliyotlarida muayyan qiyinchliklar tug‘dirmoqda. Jahon bankining “Biznes yuritish” reytingida “Xalqaro savdo” yo‘nalishi bo‘yicha mamlakatimiz 190 ta davlat orasida 152-o‘rinda qayd etilgani ham shundan dalolat beradi.

Yig‘ilishda mazkur reytingda mamlakatimiz pozisiyasini yaxshilash,  jahon tajribasi asosida nazorat idoralarining ishini takomillashtirish masalalari muhokama qilindi.

Ma’lumki, ko‘plab davlatlarda yuklar chegaraga yetib kelmasidan oldin ular haqida axborot berilib, yukning tez chiqib ketishi ta’minlanadi. O‘zbekistonda esa o‘tgan yili 416 mingta deklaratsiyadan atigi 344 tasi yuk chegaraga kelguncha rasmiylashtirilgan. Yuk to‘g‘risida oldindan ma’lumot berish avtomobil’ transportida 98 foizni tashkil etsa, temir yo‘lda umuman yo‘lga qo‘yilmagan.

Shu bois nazoratni chegarada emas, balki yuklar kirib kelishidan oldin yoki mamlakat ichkarisida erkin muomalaga chiqarilgandan keyin amalga oshirish tizimini yo‘lga qo‘yish bo‘yicha topshiriq berildi.

Bugungi kunda 1 ming 836 ta turdagi tovar bir vaqtda uchta idora tomonidan tekshirilishi, oqibatda import-eksport hujjatlarini rasmiylashtirish haftalab cho‘zilayotgani tanqid qilindi.

Moliya vazirligi, Davlat bojxona qo‘mitasiga xalqaro ekspertlarni jalb qilgan holda yangi Bojxona kodeksini ishlab chiqish, bojxona organlari tashkiliy tuzilmasi va ma’murchiligini takomillashtirish vazifasi qo‘yildi.

O‘simliklar karantini davlat inspeksiyasi xodimlari ekin maydonlariga chiqib, xorijiy mamlakatlarning kimyoviy va biologik vositalarni qo‘llash bo‘yicha talablarini dehqonlarga tushuntiradigan, amaliy ko‘mak beradigan tuzilmaga aylanishi kerakligi qayd etildi.

Prezidentimiz raqamli texnologiyalarni joriy qilib, inson omilini maksimal qisqartirish orqali korrupsiya va noqonuniy tovar aylanmasiga barham berish zarurligini ta’kidladi.

Import mahsulotlarining chegaradan to yakuniy iste’molchigacha bo‘lgan harakati bojxona va soliq idoralari tomonidan yagona elektron tizim orqali nazorat qilinishi kerak. Misol uchun, bojxona deklaratsiyasini elektron hisob-faktura va onlayn nazorat kassasiga bog‘lash orqali bu masalani hal etish mumkin.

Shundan kelib chiqib, mutasaddilarga ruxsatnoma va laboratoriya tekshiruvlari hujjatlarini to‘liq raqamlashtirish, avtomatlashtirilgan “risk-analiz” tizimini joriy etish bo‘yicha topshiriqlar berildi.

Yig‘ilishda yuklarni chegara punktlaridan o‘tkazish vaqtini qisqartirish masalasi atroflicha muhokama qilindi.