20 Oktyabr 2022

O‘zbekiston Respublikasi Prezidenti Yevroittifoq bilan ko‘p qirrali hamkorlikning ustuvor yo‘nalishlarini belgiladi

O‘zbekiston Respublikasi Prezidenti Shavkat Mirziyoyev 19-oktabr kuni Yevropa Ittifoqining Markaziy Osiyo bo‘yicha maxsus vakili Terxi Xakalani qabul qildi, deb xabar beradi O’zbekiston Respublikasi Prezidentining matbuot xizmati.

O‘zbekiston bilan YEI o‘rtasidagi ko‘p qirrali munosabatlarni kengaytirish va mintaqaviy hamkorlikni mustahkamlash masalalari ko‘rib chiqildi. Xalqaro ahamiyatga molik masalalar yuzasidan fikr almashildi.

Konstruktiv siyosiy muloqotni rivojlantirish, savdo-iqtisodiy, investitsiyaviy va moliyaviy-texnik sohalarda, ekologiya, ta’lim va turizm yo‘nalishlarida o‘zaro manfaatli hamkorlikning dastur va loyihalarini ilgari surishga alohida e’tibor qaratildi.

Uchrashuv avvalida YEI maxsus vakili mamlakatimizdagi demokratik va ijtimoiy-iqtisodiy yangilanishlarni yanada chuqurlashtirishga qaratilgan, ortga qaytmaydigan Yangi O‘zbekiston islohotlari dasturi Yevropa Ittifoqida yuksak baholanayotgani, uning davom ettirilishi izchil qo‘llab-quvvatlanayotganini ta’kidladi.

Keyingi yillarda sifat jihatidan yangi bosqichga ko‘tarilgan ikki tomonlama munosabatlar ko‘p qirrali va jadal tus olgani mamnuniyat bilan ta’kidlandi.

YEIning Markaziy Osiyo bo‘yicha yangilangan strategiyasi qabul qilingani, O‘zbekistonga «GSP+» tizimining benefitsiari maqomi berilgani hamda Kengaytirilgan sheriklik va hamkorlik shartnomasi dastlabki tarzda imzolangani buning dalolatidir.

Savdo-iqtisodiy va investitsiyaviy hamkorlik samarali rivojlanmoqda. Birgina joriy yilning 9 oyida o‘zaro savdo 15 foizga o‘sdi. O‘zbekiston mahsulotlarining YEI mamlakatlariga eksporti hajmi 70 foizga ko‘paydi. O‘zbekistondagi qo‘shma loyiha va korxonalar soni 1 mingdan oshdi.

Yevropalik investorlar ishtirokida energetika va avtomobilsozlik kabi yuqori texnologik tarmoqlarda, qishloq xo‘jaligi va boshqa yo‘nalishlarda loyihalar amalga oshirilmoqda.

Suhbat chog‘ida barqaror taraqqiyotga, mintaqaviy o‘zaro bog‘liqlikni mustahkamlashga ko‘maklashishga qaratilgan dasturlarni ishlab chiqish va amalga oshirish muhimligi qayd etildi.

Transport, innovatsiya, raqamlashtirish, “yashil” iqtisodiyot, muqobil energetika va suvdan oqilona foydalanish, inklyuziv ta’lim ustuvor sohalar sifatida belgilandi.

Afg‘onistondagi vaziyatni tez fursatda tinch yo‘l bilan tartibga solish va uning iqtisodiy tiklanishiga ko‘maklashish masalalari ham ko‘rib chiqildi.