22 Iyun 2020

Turizmni rivojlantirish bo‘yicha qo‘shimcha choralar belgilandi

“Turizm sohasini sanitariya-epidemiologik xavfsizlikning kuchaytirilgan rejimi talablariga qat’iy rioya qilgan holda rivojlantirishga doir qo‘shimcha chora-tadbirlar to‘g‘risida” Prezident qarori qabul qilindi.

 Qarorga muvofiq, 2021 yil 1 yanvardan 2023 yil 31 dekabrga qadar mehmonxonaga belgilangan tartibda berilgan toifa saqlangan taqdirda tegishli yil yakuniga ko‘ra joylashtirish vositasining toifasi uchun undirilgan turistik (mehmonxona) yig‘im summasining 50 foizi joylashtirish vositalariga qaytariladi.

2020 yil 1 avgustdan boshlab:

reyslar soni va yo‘nalishlari bo‘yicha cheklovlarni bekor qilishni nazarda tutuvchi “Ochiq osmon” rejimi “Andijon”, “Buxoro” va “Urganch” xalqaro aeroportlarida xalqaro huquq normalariga muvofiq joriy etiladi;

 xorijiy aviakompaniyalar havo qatnovi to‘g‘risidagi hukumatlararo bitimning mavjudligidan qat’i nazar “Ochiq osmon” rejimi joriy etilgan xalqaro aeroportlarga doimiy qatnovlarni amalga oshira oladi (bunda, Xalqaro fuqaro aviasiyasi tashkilotining uchish va aviasiya xavfsizligi bo‘yicha standartlariga muvofiq bo‘lish talab etiladi);

investorlarning yo‘lovchi tashuvchi yangi dor yo‘llarini (“Chorvoq” erkin turistik zonasi hududida tashkil etilayotganlardan tashqari) qurish va jihozlash uchun yo‘naltirilgan xarajatlarining bir qismi har bir 500 metr yo‘l uchun Davlat byudjetidan Turizm sohasini qo‘llab-quvvatlash jamg‘armasiga ajratiladigan mablag‘lar hisobidan 1 milliard so‘m miqdorida qoplanadi.

Bunda dastlabki 50 ta loyihaga yo‘naltirilgan investorlar harajatlarining bir qismi qoplanadi.

Turizmni rivojlantirish qo‘mitasi va Qurilish vazirligining namunaviy loyihalari bo‘yicha joylashtirish vositalarini tez quriladigan konstruksiyalar (o‘tovlar, konteynerlar, sendvich panellar) bilan qurish uchun tadbirkorlar xarajatlarining bir qismi bunday tipdagi joylashtirish vositalarining joylari soni 50 mingtaga yetguniga yoki 2023 yil 31 dekabrga qadar Davlat byudjetidan har bir joy uchun 5 million so‘mgacha miqdorda qoplanadi.

Shaharlar va tumanlar bosh rejalarini ishlab chiqish va tasdiqlash jarayonida ular turizm infratuzilmasini rivojlantirish qismida Turizmni rivojlantirish davlat qo‘mitasi bilan majburiy kelishiladi.

Gid (gid-tarjimon), ekskursiya yetakchisi va yo‘riqchi-yo‘l boshlovchilarning xizmatlari o‘zini o‘zi band qiladigan shaxslar shug‘ullanishi mumkin bo‘lgan faoliyat (xizmatlar, ishlar) turlari ro‘yxatiga kiritiladi.

2020 yil 1 iyuldan 2023 yil 1 iyulga qadar nodavlat (xususiy) muzeylar, badiiy galereyalar va hunarmandchilik markazlarining asosiy faoliyat turi bo‘yicha foyda solig‘i, mol-mulk va yer soliqlari hamda aylanmadan olinadigan soliq stavkalari belgilangan miqdorga nisbatan 50 foizga kamaytiriladi.