18 Fevral 2020

Lisenziyalash va ruxsatnomalar berish tartibi tubdan takomillashtiriladi

O‘zbekiston Respublikasi Prezidenti Shavkat Mirziyoev 17 fevral’ kuni tadbirkorlik faoliyatida lisenziyalash va ruxsatnomalar berish tartibini tubdan takomillashtirish bo‘yicha ustuvor vazifalarga bag‘ishlangan yig‘ilish o‘tkazdi.

Ilg‘or xorijiy tajriba asosida lisenziya va ruxsatnomalar turlarini qisqartirish, ularni berish tartibini soddalashtirish va tegishli talablar bajarilishini monitoring qilishning oshkora mexanizmlarini ishlab chiqish hozirgi davr talabidir.

Ushbu vazifalarni amalga oshirish maqsadida Adliya vazirligi, Savdo-sanoat palatasi va Biznes-ombudsman tarkibida maxsus Ishchi guruh tuzilgan.

Yig‘ilishda Prezident Shavkat Mirziyoev mazkur Ishchi guruh ishini tashkil etishdagi asosiy yo‘nalishlarni belgilab berdi.

Binobarin, avvalo inson sog‘ligiga va jamiyatga ziyon yetkazmaydigan faoliyat turlari lisenziyalashdan chiqarib tashlanishi lozimligi ta’kidlandi.

Masalan, o‘quv markazlaridagi o‘qitish jarayoni fuqarolarning hayoti va sog‘ligiga ziyon yetkazmasa-da, lisenziyalanadi.

Ayni paytda, ayrim lisenziya shartlari sohada raqobatni ham cheklamoqda.

Shu bilan bir qatorda, tadbirkorlik faoliyatini tartibga solishning muqobil usullarini keng joriy etish lozimligi qayd etildi.

Xorijiy tajribada lisenziyalash o‘rniga xabardor qilish, majburiyatni sug‘urtalash, o‘zini-o‘zi boshqarish, texnik tartibga solish kabi muqobil usullar mavjud. Misol uchun, turar joy ob’ektlarini noturar sifatida qayd etish uchun tadbirkor alohida ruxsatnoma olishi kerak. Vaholanki, buning uchun davlat idoralari xabardor qilinsa kifoya bo‘lishi mumkin.

Xuddi shunday, rieltorlik, auditorlik, sud boshqaruvchiligi kabi faoliyat turlari bilan shug‘ullanuvchilarning javobgarligini sug‘urtalash yoki o‘z-o‘zini boshqarish tizimlariga o‘tkazish mumkin.

Shu munosabat bilan, Adliya va Favqulodda vaziyatlar vazirliklari hamda Davlat aktivlarini boshqarish agentligiga ikki oy muddatda tadbirkorlik faoliyatini tartibga solishning muqobil usullarini joriy qilish vazifasi yuklatildi.