03 Iyun 2022

Xitoylik investorlar bilan uchrashuv bo‘lib o‘tdi

Toshkent shahrida O‘zbekiston Respublikasi Investisiyalar va tashqi savdo vazirligi, Savdo-sanoat palatasi hamda Xitoy Xalq Respublikasi Tijorat vazirligi bilan hamkorlikda O‘zbekistonda faoliyat yuritayotgan Xitoy ishbilarmon va investisiyaviy doiralari vakillari bilan uchrashuv tashkil qildi.

Tadbirda ta’kidlanganidek, tadbirkorlar davlat tomonidan doimiy qo‘llab-quvvatlanayotgani, ular bilan muntazam muloqotda bo‘linayotgani hamda ishbilarmonlar duch kelayotgan masalalarni zudlik bilan hal etishga intilish borligi tufayli investorlarning ishonchi tobora ortib, investisiyaviy muhit yaxshilanayotgani ma’lum qilindi. Jumladan, so‘nggi besh yil ichida O‘zbekistonda Xitoy kapitali ishtirokidagi korxonalar soni sezilarli darajada oshdi. Xususan, agar 2017-yilda 870 ta shunday korxona mavjud bo‘lgan bo‘lsa, bugungi kunda ularning soni 2 mingga yaqinlashdi. Xitoy biznesining O‘zbekiston iqtisodiyotiga kiritgan investisiyalari 9 mlrd dollarga yetdi.

Muloqot norasmiy tarzda kechdi. Bundan maqsad ishbilarmonlarda yuzaga kelayotgan muammolarni ishonchli muhitda muhokama qilish va ularni joyida hal etishning maqbul mexanizmlarini ishlab chiqish, shuningdek, bildirilgan takliflar asosida Xitoy kapitalining O‘zbekiston bozoridagi mavqeini mustahkamlashning istiqbolli yo‘nalishlarini ko‘rib chiqishdir.

Uchrashuvda O‘zbekistonda faoliyat ko‘rsatayotgan 20 dan ortiq Xitoy kompaniyalari vakillari qatnashdi. Ular orasida ZTE Corporation, Asia Trans Gas, China Construction, Shanghai Construction kabi yirik kompaniyalar bor. Tadbirkorlar o‘z faoliyati haqida qisqacha ma’lumot berib, joriy etilgan va amalga oshirilayotgan loyihalar, yaqin istiqboldagi rejalar, shuningdek, amalda duch kelinayotgan muammolar haqida so‘zlab berdi. Investorlarni asosan soliqqa tortish, bojxona tartib-taomillari va infratuzilmaviy kommunikasiyalarga ulanish masalalari qiziqtirdi. Yig‘ilish davomida investorlar tomonidan ko‘tarilgan har bir masala yuzasidan yechimlar topilib, ijrosiga mas’ul idoralar belgilandi.

Uchrashuv yakunida tashkil qilingan muloqot formatining samaradorligi qayd etildi va bunday uchrashuvlarni muntazam ravishda o‘tkazish to‘g‘risida qaror qabul qilindi.