16 Yanvar 2020

Eksport, investitsiya va mahalliylashtirishni kengaytirish masalalari muhokama qilindi

 

O‘zbekiston Respublikasi Prezidenti Shavkat Mirziyoyev raisligida 15 yanvar kuni eksport, investitsiya va mahalliylashtirishni kengaytirish masalalariga bag‘ishlangan videoselektor yig‘ilishi o‘tkazildi. 

Eksport faoliyatini qo‘llab-quvvatlash bo‘yicha ko‘rilgan choralar natijasida o‘tgan yili mamlakatimiz eksporti hajmi 28 foizga o‘sdi. Hududiy sanoat eksporti qariyb 2 barobarga oshdi.

Mazkur yo‘nalishdagi ko‘rsatkichlarni yanada oshirish maqsadida bu yildan boshlab prognoz ko‘rsatkichlarini belgilash va monitoring qilish bo‘yicha yangi tizim joriy etildi.

Avvalambor, eksport prognozi 3 yillik qilib tasdiqlandi. 2020 yil rejasi o‘tgan yilgiga nisbatan 22 foiz ko‘p belgilandi. 

To‘qimachilik, meva-sabzavotchilik, charm-poyabzal, qurilish materiallari va avtomobil sanoati kabi yetakchi tarmoqlar salohiyatidan samarali foydalanish zarurligi ko‘rsatib o‘tildi. 

“O‘zto‘qimachiliksanoat” uyushmasiga paxta tolasini qayta ishlash quvvatlarini 80 foizga yetkazish, yangi korxonalar hisobiga eksport nomenklaturasini diversifikatsiya qilish hamda geografiyasini kengaytirish topshirildi. 

Mamlakatimiz eksportyorlarining salohiyatli bozorlarga kirishini yengillashtirish uchun imtiyozli savdo rejimini joriy etish, «GSP+» umumiy preferensiyalar tizimiga qo‘shilish yuzasidan ham ko‘rsatmalar berildi. 

Videoselektor yig‘ilishida investitsiyalarni jalb etish masalalari tahlil qilindi. 

O‘tgan yili barcha manbalar hisobidan o‘zlashtirilgan investitsiyalarning qariyb 30 foizini to‘g‘ridan-to‘g‘ri xorijiy sarmoyalar tashkil etdi. Sanoati rivojlanmagan, olis tumanlarga ham katta investitsiyalar kirib bordi. Umumiy qiymati 5,4 milliard dollar bo‘lgan 145 ta tarmoq va 167 ta hududiy loyihalar ishga tushirildi.

Joriy yildan boshlab Investitsiya dasturlari yangi tizim asosida ishlab chiqildi. 2020 yil uchun 1569 ta xususiy va to‘g‘ridan-to‘g‘ri investitsiya loyihalari ro‘yxati tasdiqlandi. Mazkur dasturga asosan shu yilda 233 trillion 200 milliard so‘m, jumladan 7,1 milliard dollar miqdorida to‘g‘ridan-to‘g‘ri xorijiy investitsiyalar va kreditlar o‘zlashtirilishi ko‘zda tutilgan. 

Prezidentimiz investitsiya loyihalarini ishlab chiqish, amalga oshirish va monitoring qilish, investitsiyalar samaradorligini baholashda muammolar saqlanib qolayotganini ko‘rsatib o‘tdi.